O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bundestagning “Germaniya-Markaziy Osiyo” parlament guruhi bilan onlayn brifingi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 25-fevral kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bundestagning “Germaniya-Markaziy Osiyo” parlament guruhi bilan onlayn brifingi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o’rinbosari Sodiq Safoev, Bundestagning “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi Manfred Grund va guruh rayosati a’zolari, Federal hukumat, GFR Ichki ishlar vazirligi vakillari, O‘zbekiston parlamenti palatalari a’zolari ishtirok etdi.
Brifingda mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy islohotlar, koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiyotni, shuningdek aholini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash to’g’risida axborot berildi. Shuningdek, O‘zbekiston parlamentining karantin sharoitidagi faoliyati ham ko’rib chiqildi.
Bundestag “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi Manfred Grund mamlakat iqtisodiyoti sohasida, shuningdek, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
U O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasiga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
M.Grund GFR parlamenti O‘zbekiston va GFR o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni kengaytirishga katta ahamiyat berishini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam hamkorlik darajasiga ko‘tarilib, bu ikki tomonlama o‘zaro munosabatlarning barcha sohalarida, avvalo, parlamentlararo aloqalarda aniq mazmun bilan boyitildi.
M.Grund iqtisodiy va siyosiy nuqtai nazardan qiziqishini bildirar ekan, O’zbekiston GFR uchun Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy hamkor, iqtisodiy o‘zaro hamkorlik saqlanib qolgan yagona mamlakat ekanini ta'kidladi. Ishtirokchilar asosiy e'tiborni xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda, BMT doirasidagi o‘zaro aloqalarni davom ettirishga qaratdilar.
Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan O‘zbekiston tashabbuslarini amalga oshirishda mamlakatimiz germaniyalik hamkasblari bilan o‘zaro hamkorlik qilishdan manfaatdorligi bildirildi.
Brifingda O‘zbekiston-Germaniya savdo-iqtisodiy hamkorligini, shuningdek, turizm, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalarini kengaytirish, Germaniya investisiyalari va zamonaviy texnologiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatadigan qonunlar qabul qilish, byudjet siyosatida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tajriba o‘rganish va almashish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha tomonlar parlamentlar o‘rtasida tizimli muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.