O‘zbekiston va Germaniya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida
2022-yilning 31-yanvar kuni Berlin shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi boʻlib oʻtdi.
Tomonlar delegatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari G'ayrat Fozilov hamda Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻyicha vakili Matias Lyuttenberg boshchilik qildi.
Maslahatlashuvlar chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Germaniya tomoni o‘zaro hamkorlik darajasini ijobiy baholadi va uni yanada kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi. Shuningdek, Germaniya O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi qayd etildi.
Muzokaralar doirasida bo‘lajak tadbirlar jadvali, jumladan, 6-mart kuni nishonlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash, shu jumladan, kompleks chora-tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish, hamda ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlarini faollashtirish va oʻzaro delegatsiyalar tashriflarini tashkil etish bo’yicha kelishib olindi.
Uchrashuv chog’ida iqtisodiyot, atrof muhitni muhofaza qilish, sarmoyalarni jalb qilish, ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi istiqbolli loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.