O’zbekiston - Germaniya parlamentlariaro aloqalarni rivojlantirish va inson huquqlari sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi
2021-yil 4-mart kuni O’zbekistonning Germaniyadagi elchisi Nabijon Kasimov Germaniya Bundestagining Inson huquqlari va insonparvarlik yordami qo’mitasi raisining o’rinbosari Yurgen Braun va ushbu qo’mita vakili, hamda “Germaniya - Markaziy Osiyo” parlament guruhi a’zosi Valdemar Xerdt bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar O’zbekiston va Germaniya parlamentlariaro aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Germaniya parlamentariylariga O’zbekistonda jamiyatni yanada demokratlashtirish va iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, respublikaning tashqi siyosati va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning asosiy yo’nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo’yicha Kengashining 46-sessiyasi doirasida ilgari surilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv so’ngida parlamentarizm va inson huquqlari sohasida tajriba almashish, hamda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni o’zaro qo’llab-quvvatlash uchun muntazam ravishda muloqotda bo’lib turishga kelishib olindi.