Germaniya sotsial-demokratik partiyasining Bundestagdagi fraksiyasi rais o’rinbosari Dirk Vize bilan uchrashuv to‘g‘risida
2021-yilning 3-mart kuni O’zbekistonning Germaniyadagi elchisi Nabijon Kasimovning Germaniya sotsial-demokratik partiyasining (SPD) Bundestagdagi fraksiyasi rais o’rinbosari Dirk Vize bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar tomonidan O’zbekiston va Germaniya parlamentlariaro aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Germaniya parlamentariysiga O’zbekistonda jamiyatni yanada demokratlashtirish va iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, respublikaning tashqi siyosati va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning asosiy yo’nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo’yicha Kengashining 46-sessiyasi doirasida ilgari surilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
O’zbekiston tomonidan olib borilayotgan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat hamda mamlakatda olib borilayotgan keng ko’lamli islohatlarni yuqori baholagan Dirk Vize O’zbekiston hukumatining yangi siyosiy yo’nalishini qo’llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Uchrashuv so’ngida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni o’zaro qo’llab-quvvatlash va muntazam ravishda muloqotda bo’lib turishga kelishib olindi.