Xususiylashtirish jarayonlari yanada jadallashtiriladi. 2025-yilgi xususiylashtirish dasturi qabul qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolandi.
Birinchidan, Farmon bilan quyidagilar tasdiqlanmoqda:
115 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) ommaviy savdolarga chiqariladi;
659 ta koʻchmas mulk obyekti ommaviy savdolarga chiqariladi;
6100 gektar yer uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi;
30 ta asosiy turdagi foydali qazilma kon va uchastkalari qazib olish uchun foydalanish huquqi elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
Ikkinchidan, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:
2030-yil 1-yanvarga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarni (mudofaa va xavfsizlik bilan bogʻliq korxonalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) tashkil etishga moratoriy joriy qilinadi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan koʻchmas mulk sotib olish, davlat funksiyasiga va davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga mos boʻlmagan korxonalarni tashkil etish tashabbusi bilan chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi;
bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtirok etishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi;
2025-yil 1-mayga qadar vazirlik va idoralar rahbarlarining xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik masalalari bilan shaxsan shugʻullanadigan oʻrinbosarlari roʻyxati tasdiqlanadi.
Uchinchidan, xususiylashtirish va davlat mulkini ijaraga olish boʻyicha quyidagi imtiyozlar belgilanmoqda:
maydoni 10 ming kv.m.gacha boʻlgan davlat mulki obyektlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga toʻgʻridan-toʻgʻri tekin foydalanishga beriladi hamda shartnoma shartlari bajarilgan taqdirda ushbu tadbirkorlik subyektlariga baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotiladi;
boshlangʻich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qoʻllangandan keyin ham bir yildan ortiq muddatda sotilmagan va xaridorlar uchun jozibador boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi;
Toʻrtinchidan, yer uchastkalari sotilishini jadallashtirish maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:
ochiq elektron onlayn auksion savdolari orqali ijara huquqi asosida sotib olingan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari (agar ular realizatsiya qilinganidan keyin tasdiqlangan bosh reja, aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalari yoki hududlarni kompleks rivojlantirish va rejalashtirish boʻyicha boshqa hujjatlarga muvofiq boʻlsa va yer ijara shartnomasida boshqa shartlar nazarda tutilmagan boʻlsa) toʻlovlar toʻliq toʻlanganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va (yoki) yuridik shaxslari tomonidan xususiylashtirilishiga yoʻl qoʻyiladi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari, ustuvor ravishda, faoliyatini kengaytirish istagida va tayyor loyihasi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari taklif bildirgan joylardan tanlanadi;
elektron onlayn auksion savdolarida turgan maydoni kichik boʻlgan yonma-yon turgan yer uchastkalari shaharsozlik normalaridan kelib chiqqan holda birlashtirilib, qoʻshimcha kelishuvlarsiz qayta auksion savdolariga chiqariladi.
Beshinchidan, davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:
ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab ijaraga oluvchi tomonidan yillik ijara toʻlovlari bir oy davomida toʻlangan taqdirda, unga yillik ijara summasidan mazkur shartnoma tuzilgan sanadagi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi (bundan chegirma qoʻllamaslik sharti bilan ijaraga berilgan, bir yildan kam muddatga tuzilgan va boshqa imtiyozlar qoʻllangan ijara shartnomalari mustasno);
olti oy davomida elektron onlayn auksion savdolarida ijaraga berilmagan obyektlarning boshlangʻich narxi 50 foiz pasaytirilgan qiymatda belgilanadi. Bunda, boshlangʻich narx pasaytirilganda ham ijaraga berilmasa, ushbu auksion unda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham, istisno tariqasida, oʻtkazilgan deb hisoblanadi;
Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar, tuman va shahar markazlaridagi davlat tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar maʼmuriy binolarining birinchi qavati boʻshatilib, elektron onlayn auksion orqali tadbirkorlik subyektlariga savdo va servis obyektlarini tashkil etish uchun ijaraga beriladi.
Oltinchidan, davlat mulkini boshqarish va sotish tartibini takomillashtirish maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:
Savdo-sanoat palatasining hududiy boʻlinmalari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari arizasi asosida sotilgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotishdan tushgan mablagʻlarning boshlangʻich narxidan oshgan qismining 10 foizi tegishlicha Savdo-sanoat palatasiga yoki hokim yordamchilarini ragʻbatlantirish uchun tegishli jamgʻarmaga va obyekt joylashgan mahalla fuqarolar yigʻiniga teng ulushlarda oʻtkazib beriladi;
ommaviy savdolarda ikki oydan ortiq muddatda sotilmagan davlat koʻchmas mulk obyektlarini (Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlaridagi obyektlar bundan mustasno) sotishni jadallashtirish maqsadida, “E-auksion” elektron savdo platformasida akkreditatsiyadan oʻtgan rieltorlik tashkilotlari Davaktiv agentligi tomonidan xizmat koʻrsatish shartnomasi asosida jalb etiladi;
davlat ulushlari xususiylashtirishning kamida 2 ta usulidan foydalanganda ham olti oy muddat davomida sotilmagan taqdirda, xususiylashtirish sohasidagi vakolatli davlat organining qaroriga koʻra aksiyadorlar (ishtirokchilar) roʻyxatidan chiqish yoki tugatish tashabbusi bilan chiqiladi;
davlat mulkini xususiylashtirish dasturi qabul qilingan kundan eʼtiboran xususiylashtiriladigan davlat mulkini boshqa shaxsga oʻtkazish, hisobdan chiqarish, garovga qoʻyish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish, ularni xatlash va majburiy realizatsiya qilish taqiqlanadi;
2025-yil 1-oktyabrdan boshlab egasiz koʻchmas mulk obyektlarini davlat mulki obyekti sifatida davlat roʻyxatiga olish boʻyicha murojaatlar tegishli sudga Davlat aktivlari agentligi tomonidan kiritiladi.