Nemis olimi "Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori" unvoniga sazovor bo‘ldi
III Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressida saraton kasalligiga qarshi kurashda samarali natijalarga erishish uchun klinik amaliyotdagi ilg‘or ilmiy yutuqlar va mukammal tibbiy texnologiyalarni birlashtirish, odamlar hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish uchun barcha xalqaro tajribalarni sintez qilish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “OPASCA German Oncology Solutions GmbH“ kompaniyasi, uning Toshkentdagi «OPASCA GOS Central Asia» sho‘’ba kompaniyasi, “Progressive medical service“ kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan kongressda O‘zbekiston, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Xitoy, Mongoliya, Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Polsha kabi mamlakatlardan onkolog, fizik-radiologlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Kongressda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Leo Overfeld, Germaniyadagi «OPASCA German Oncology Solutions GmbH» kompaniyasi bosh direktori Aleksey Sverdlov va boshqalar Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressining an’anaga aylanayotgani mahalliy va xorijlik olimlarni onkologiya sohasida o‘zaro hamkor ishlashga katta imkoniyat yaratayotganini qayd etdi.
Mamlakatimiz, qolaversa, Markaziy Osiyoda radioonkologiya sohasini rivojlantirish maqsadida uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur kongress shu yo‘nalishda xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda zamonaviy nur terapiyasi uskunalari bilan yaqindan tanishish uchun katta imkon yaratmoqda. Ayniqsa, unda ko‘plab xalqaro davlatlarining ishtiroki O‘zbekiston tibbiyoti ravnaqi uchun juda muhimdir.
– Onkologiya va radiologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislarni birlashtira olganimiz biz uchun katta sharaf. Kongressda dunyoning nufuzli ekspertlari ishtirok etdi. Ushbu kongress platformasi yildan-yilga kengaymoqda. Bu esa onkologiya masalalari bo‘yicha tajriba almashishga imkon beradi. Bu yil safimizga yana Avstraliya, Avstriya, Ozarbayjon, Xitoy, Mo‘g‘uliston, Niderlandiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Chexiya va Janubiy Afrika kabi mamlakatlar vakillari ham qo‘shildi. Muhimi, O‘zbekistonning yangi siyosiy voqeliklari tibbiyotni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochmoqda. Dunyoda “COVID-19” tarqalishi natijasida yuzaga kelgan qiyin vaziyat tufayli kongress formatini onlayn rejimga o‘tkazdik. Shunga qaramay, ishtirokchi-olimlar soha rivoji uchun qimmatli fikr-mulohazalarini bayon etgani, bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashgani bizni quvontirdi, – dedi “Progressive medical service“ kompaniyasi rahbari Artyom Pokachalov.
Kongressning yana bir ahamiyatli jihati shuki, unda 2018 yil o‘tkazilgan I Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressida raislik qilgan nemis olimi Frederik Vens onkologiya sohasidagi o‘zbek-nemis ilmiy aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun "Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori" unvoniga sazovor bo‘ldi.
– Bunday e’tirof meni juda quvontirdi, – dedi Frederik Vens. – Men o‘zbekistonlik olimlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlashga doim tayyorman. Mamlakatingizda barcha sohalar qatori tibbiyot, xususan, onkologiya sohasida katta ishlar qilinmoqda. Buni biz o‘tkazilayotgan ushbu an’anaviy kongressda o‘zbekistonlik olimlar bilan muloqot chog‘ida yanada yaqindan tanishmoqdamiz. Istagim shuki, ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar yanada mustahkamlanaversin.
Kongress yakunida Markaziy Osiyoda onkologiya kasalligini davolash va unga qarshi kurashishda sohani rivojlantirishda xalqaro tajribani qo‘llash hamda tibbiy xizmatni yaxshilashda zamonaviy uskunalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib olindi. Navbatdagi – to‘rtinchi kongress 2021 yilning sentyabr oyida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirildi.