O‘zbekiston tuman va shahar hokimlari Germaniyaning mahalliy boshqaruv tizimi bilan tanishmoqda
Mamlakatimizning bir qator tuman va shahar hokimlarining Germaniyaning Bavariya o‘lkasiga rasmiy tashrifi boshlandi.
Joriy yilning 30 iyunidan 7 iyuliga qadar davom etadigan mamlakatimiz tuman va shahar hokimlarining Bavariyaga rasmiy tashrifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Hanns Zaydel jamg‘armasi va Germaniya hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Germaniyada davlat fuqarolik xizmati, xususan Bavariya federal o‘lkasining turli darajadagi mahalliy boshqaruv organlari tizimi va faoliyati bilan yaqindan tanishish, investitsisiyalarni jalb qilish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, kommunikatsiya va qurilish sohalarida o‘zaro tajriba almashishdir.
Tashrifning ilk kunlarida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, Hanns Zaydel jamg‘armasi Bosh kotibi Oliver Yorg, "Jamoatchilik bilan aloqalar, volontyorlik, ritorika" bo‘limi boshlig‘i Karin Kamlayter bilan uchrashuvda delegatsiya aʼzolari jamg‘armaning kommunal va volontyorlik sohasidagi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Myunxen okrugi rahbari Kristof Gyobel bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda Bavariya okruglarida maʼmuriy tuzilma, mahalliy boshqaruv tizimi hamda hududlarning iqtisodiy rivojlanish dasturi haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Myunxen va Yuqori Bavariya Savdo-sanoat palatasiga tashrif buyurdilar. Ikki tomonlama bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Germaniya-Bavariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatimiz iqtisodiy va investitsion salohiyati taqdimoti namoyish etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi davom etmoqda.