Toshkentda O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
O’zbekiston Milliy axborot agentligining xabar berishicha, poytaxtimizdagi Forumlar saroyida O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi VIII-majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari va tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi prezidiumi a’zosi Manfred Grundke hamraislik qildi.
Yig‘ilishda davlatlarimiz rahbarlarining uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati tufayli bugun O‘zbekiston va Germaniya munosabati strategik hamkorlikning mutlaqo yangi darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Zero, Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Ma’lumotga ko‘ra, oxirgi olti yilda o‘zaro savdo aylanmasi ikki karra oshdi. 2023 yil yakuni bo‘yicha tovar ayirboshlash miqdori 1 milliard dollarni tashkil etgan. Mamlakatimizda nemis kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Bunda O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi faoliyati muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2 may kuni bo‘lib o‘tgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat’iy qadamlar tashlanganini ta’kidlagan edi. Zero, yurtimizda oxirgi yetti yilda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim qarorlar qabul qilindi. Har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biznes uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan islohotlar natijasida 200 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, soliq turi 13 tadan 9 tagacha kamaytirildi, ayrim soliqlar stavkasi 2 barobar pasaytirildi. Valyuta bozori liberallashtirildi. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi, foyda solig‘i esa faoliyat turiga qarab 5-15 foizni tashkil etmoqda. Qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalar foyda solig‘i to‘lashdan to‘liq ozod etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, so‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sdi. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha ijobiy o‘zgarish sur’ati 6 foizga teng bo‘ldi. Inflyatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichi muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxirasi barqarorligi ta’minlanmoqda. Shu ma’noda O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi majlisi formatidagi tadbirlar mamlakatimizda ayni yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomidir.
Darhaqiqat, mahalliy va xorijiy investorlarga yaratilayotgan qulayliklar natijasida Yevropa biznesi vakillarida O‘zbekistonga qiziqish tobora ortyapti. Uchrashuvda, shularni inobatga olgan holda Germaniya ishbilarmon doiralari bilan “yashil” energetika, raqamlashtirish, inson va mehnat resurslari, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, metallurgiya, kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika hamda boshqa ko‘plab sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ma’lumki, yurtimizda chet ellik investorlarga yer uchastkalarini ijaraga berish muddati ikki marta – 5 yildan 9 yilgacha uzaytirildi. 90 dan ziyod xorijiy davlat fuqarolari uchun vizasiz tartib o‘rnatilgan. O‘zbekistonda yaratilgan keng imkoniyat tufayli, jumladan, ko‘plab germaniyalik tadbirkorlar ham mamlakatimizda samarali biznes yuritmoqda.
Muloqot chog‘ida respublikamizda faoliyat yuritayotgan “Knauf”, “Klaas”, “Papenburg”, “Falk Porsche”, “Siemens”, “Linde” singari qator nufuzli kompaniyalar faoliyati e’tirof etildi. “Deutsche Bank”, Germaniya taraqqiyot banki “KfV”, “Commerzbank” kabi moliya muassasalari mamlakatimiz taraqqiyotiga faol ko‘maklashayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi majlisi doirasida biznes-forum ham o‘tkazildi. Tadbirda o‘zaro tovar ayirboshlash miqdorini oshirish, turli sohada qo‘shma investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘z navbatida, nemis kompaniyalari ilg‘or tajribasi asosida axborot texnologiyalari, “yashil” energetika, transport, infratuzilmani rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.
– Uchrashuvlar hamkorlikning asosiy mezonini belgilab, yangi yo‘l xaritasi ishlab chiqishga xizmat qiladi, – dedi “Deutsche Invest Capital Partners” kompaniyasi boshqaruvi direktori Armin Veyland. – Kompaniyamiz O‘zbekiston bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatgan. Bugun sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik xususida ham alohida so‘z yuritildi. Biz yosh hamshiralarga nemis tilini o‘rgatish, ularni Germaniyada ish bilan ta’minlash va malakasini oshirishga qaratilgan bir qator loyihalarni amalga oshiryapmiz. Bugungi konferensiyada qariyb yuzga yaqin Germaniya kompaniyasi ishtirok etdi. Bu mamlakatimiz biznes vakillarida yurtingizga qiziqish kuchli ekanidan dalolat beradi. O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy muhit hukmron, mamlakatingiz xalqaro hamkorlar uchun doim ochiq. Ayni shu jihatlar muvaffaqiyatingizning asosiy omilidir.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlisi turli sohada qo‘shma investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi muhim masalalar muhokama qilingani bilan samarali bo‘ldi.