«Germaniya – Markaziy Osiyo» parlament guruhi bilan hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda
Yurtimizda islohotlar jarayoniga fuqarolarni faol jalb qilish va aholining turli qatlamlarini qamrab olish borasida xalqaro tajribalar o‘rganib borilmoqda.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazida Germaniya Bundestagidagi «Germaniya – Markaziy Osiyo» parlament guruhi raisining o‘rinbosari Manfred Grund boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Germaniya Bundestagi deputatlariga O‘zbekistondagi islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, markaz rahbari aholining qabul qilinayotgan uzoq yillik muhim strategik hujjatlar va siyosiy jarayonlardagi faol ishtirokini ta’minlash, taklif va fikr-mulohazalarini tizimli o‘rganib borish mexanizmlari bo‘yicha so‘z yuritdi.
O‘z navbatida Germaniya tomoni hamkor sifatida O‘zbekistonni hamisha qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilishdi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari islohotlar jarayoniga fuqarolarni faol jalb qilish va aholining turli qatlamlarini qamrab olish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda «Germaniya – Markaziy Osiyo» parlament guruhi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.