O‘zbekiston Prezidenti raisligida IHTning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi
9 noyabr kuni Toshkent shahrida “Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov va IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollari va uni yangi bosqichga olib chiqish muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
O‘zbekiston Prezidenti sammitni ochar ekan, ushbu muhim tadbirdagi ishtiroki uchun oliy martabali mehmonlarga samimiy minnatdorlik bildirdi, bu har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan umumiy intilishlarning tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
Tashkilot a’zolarini mushtarak tarix va muqaddas islom dinimiz, boy madaniyat va o‘xshash qadriyatlar chambarchas bog‘lab turishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari aytganidek, yarim milliard aholi yashaydigan IHT makoni savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega.
Keyingi yillarda tashkilot doirasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotgani, 2021 yilgi Ashxobod sammitida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Jumladan, tashkilot faoliyatini isloh qilish va faoliyati samaradorligini oshirish, xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Yaqinda transport vazirlarining Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi, mintaqaviy elektr energiyasi bozori hamda Boku shahrida Toza energiya markazi tashkil etilmoqda. Ekologiya sohasida yuqori darajadagi muloqot platformasi tuzildi, turoperatorlar tarmog‘i yaratildi va Xavfsiz turizmni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti a’zo davlatlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun hali ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi. Masalan, o‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etdi, bu ularning umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizidir.
Imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.
IHT doirasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqishni taklif etdi.
Ushbu muhim hujjatda o‘zaro savdoni rag‘batlantirish, transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish kabi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim.
Davlatimiz rahbari tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan Savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chaqirdi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar orqali 2035 yilga borib o‘zaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkin.
A’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emasligini qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti transqit’aviy transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanish, “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘li va Transafg‘on multimodal yo‘li loyihalarini ishga tushirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.
Toshkentda 2 noyabrda bo‘lib o‘tgan transport vazirlarining yig‘ilishida “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarni ham qo‘shilishga, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirishga chaqirdi.
Yuk tashish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni raqamlashtirish va bunday zamonaviy tizimlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahrida Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusi bildirildi.
O‘zbekiston rahbari o‘zaro investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqish hamda hududlararo sanoat ko‘rgazmasini tashkil etib, uning dastlabki tadbirini 2024 yilda yurtimizda o‘tkazish muhimligini qayd etdi.
O‘zbekiston tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdori ekani ham ta’kidlandi.
Energetika xavfsizligini ta’minlash doirasida milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Sohada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida IHT Energetika vazirlari kengashini ta’sis etish taklif qilindi.
Iqlim bilan bog‘liq xatarlar ortib borayotgani munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. 2024 yilda bo‘lajak Samarqand iqlim forumi doirasida Ekologiya masalalari bo‘yicha yuqori darajali platformaning birinchi anjumanini o‘tkazish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari tashkilotga a’zo mamlakatlar vakillarini kelgusi haftada yurtimizda bo‘ladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida faol ishtirok etishga chorladi hamda qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida Samarqand deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Turizm sohasida hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyatni va transchegaraviy yo‘nalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qo‘shma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yo‘li” sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirish taklif etildi.
Prezidentimiz IHT Kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlarning turizm ma’muriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etish hamda uning ilk uchrashuvini tashkilotning turizm poytaxti deb e’lon qilingan Shahrisabz shahrida o‘tkazish taklifini bildirdi.
IHT mamlakatlari xalqlarini yanada yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishning ahamiyatini qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti har yili madaniyat, san’at va kino haftaliklarini o‘tkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish, fundamental ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida o‘tkir xalqaro va mintaqaviy muammolarga, shu jumladan Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi. G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, tinchlik muzokaralarini boshlash va oqilona murosaga kelishga chaqirdi. Falastin xalqi BMT rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqi borasidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirishga, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy mas’uliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqirdi. Ta’kidlanganidek, ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir.
Sammitda Ozarbayjon, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Pokiston, Qozog‘iston delegatsiyalari rahbarlari hamda IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy ham so‘zga chiqdi.
Kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Prezidenti sammit raisi sifatida tashkilotning ilm-fandagi muvaffaqiyatlar uchun mukofoti g‘oliblarini e’lon qildi. Har bir mamlakatdan bir nafar vakil mukofotga sazovor bo‘ldi.
Tadbir yakunida Toshkent kommyunikesi qabul qilindi.
Tashkilotga raislik Eronga o‘tdi, navbatdagi sammit Ozarbayjonda o‘tkazilishi belgilandi.