Prezident saylovi: kelajakka buyuk ishonch bilan
Mamlakatimizda joriy yilning 9-iyul, yakshanba kuni bo’lib o’tadigan muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir ishlar yakuniga yetmoqda.
Mamlakatimiz fuqarolari konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, erkin ovoz berishi uchun saylov uchastkalarida barcha sharoitlar yaratildi. 10 ming 784 ta saylov uchastkasi, jumladan, o’ttiz to’qqizta xorijiy davlatda tuzilgan 56 ta saylov uchastkasi ovoz berish uchun tayyorlab qo’yildi. 19,5 milliondan ortiq saylovchi ro’yxatga olindi.
Ulkan o’zgarishlar
2023-yil 30-aprel kuni “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to’g’risida”gi konstitutsiyaviy qonun referendumda umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilindi.
Bu referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda ko’rsatdi. Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz Konstitutsiyaviy islohotlarni to’la qo’llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. El-yurtimizning ana shunday azmu qarori asosida milliy davlatchiligimiz va iqtisodiyotimizni bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratildi.
Konstitutsiyaviy islohotlar samarasida xalqimiz va mamlakatimiz o’z taraqqiyotining yangi, yanada yuksalish davriga qadam qo’ydi. Yangilangan Konstitutsiya fuqarolarning saylash va saylanish huquqini yanada keng va to’la ta'minlash hamda milliy saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi moddalar bilan boyitildi.
Bu yilgi saylov birinchi marta mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi asosida o’tadi va Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasiga aylanadi.
Yangilangan Konstitutsiyaning talablaridan kelib chiqib, 2023-yilning 6-may kuni Saylov kodeksiga saylov qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan bir qator, jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi muddatidan ilgari o’tkazilishini nazarda tutuvchi o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi.
Ushbu o’zgartish va qo’shimchalarga binoan saylov qonunchiligi takomillashtirilishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada keng ta'minlashda muhim omil bo’ladi.
Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbari muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli.
Shunga asosan, 8-may kuni Prezidentning “Muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to’g’risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan 2023-yil 9-iyul kuni muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o’tkazilishi belgilandi.
Saylov kodeksida Prezident muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda saylov Saylov kodeksiga to’liq muvofiq holda ikki oy ichida o’tkazilishi belgilab qo’yilgan.
Bunda saylovga tayyorgarlik ko’rish hamda uni o’tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Saylovga tayyorgarlik milliy qonunchilikda nazarda tutilgan tashkiliy ishlardan boshlanadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2023-yil 10-maydan muddatidan ilgari Prezident saylovi bo’yicha saylov kampaniyasiga start berildi. Shu tariqa mamlakatimizda Prezident sayloviga erkin va adolatli, ochiq va oshkora tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Prezident saylovini o’tkazish bilan bog’liq barcha ishlar Markaziy saylov komissiyasi hamda okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan Konstitutsiya, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasi qarorlari, shuningdek, kalendar rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi xolis axborotlarni saylovchilar va siyosiy partiyalarga belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazish ta'minlanmoqda.
Xalqaro talablar va takomil
Saylovni tashkil etish va o’tkazish - o’ta mas'uliyatli jarayon, ko’pning ko’magi bilan bitadigan va muayyan vaqt talab qiladigan, serzahmat ish. Ovoz berishni tashkil etish jarayonida saylov okruglari va uchastkalarida yuz mingdan ziyod odam ish olib boradi.
Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 13-maydagi qarori bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida Prezident saylovini o’tkazuvchi o’n to’rtta saylov okrugi tuzildi.
Okrug saylov komissiyalari tarkibidagi jami 266 a'zodan saylovga tayyorgarlik ko’rish va o’tkazish borasida ish tajribasiga ega shaxslar 95 foizni tashkil etganini ko’rish mumkin.
O’zbekistonda saylov jarayonida gender tenglikni ta'minlash doimiy e'tibordagi muhim masalalardan. Okrug komissiyalari a'zolarining 110 nafari, ya'ni 41 foizi - ayollar. Shuningdek, okrug komissiyalari rahbarlik lavozimlarida ayollar 38 foizni tashkil etmoqda. Bitta okrug komissiyasiga esa ayol kishi raislik qilmoqda.
Okrug saylov komissiyalari tarkibiga turli kasb egalari - sohasining yetuk mutaxassislari, tajribali huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, jurnalistlar, shifokorlar, muhandislar jalb etilgan. A'zolarning deyarli barchasi oliy ma'lumotli mutaxassislar ekani komissiyalarning ish sifati va mas'uliyatini yanada oshirganini ta'kidlash joiz.
Saylovning qanday o’tishi ko’p jihatlarga, ayniqsa, uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga bevosita bog’liq. Ta'bir joiz bo’lsa, uchastka saylov komissiyasi - saylov jarayonidagi eng muhim bo’g’in. Negaki, saylovchilar, qolaversa, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari - hamma aynan saylov uchastkasining faoliyati qanday yo’lga qo’yilganiga qarab siyosiy tadbirga baho beradi. Uchastkada saylovchilar ovoz beradi, saylov byulletenlari sanab chiqiladi. Saylovga oid qonunlar samarasi shu yerda yuzaga chiqadi, mavjud muammolar shu yerda aks etadi.
Shu bois, Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonida saylov komissiyalari tizimining eng quyi bo’g’inida faoliyat yuritadigan mutaxassislar milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlaridan yaxshi xabardor bo’lishiga alohida e'tibor qaratildi.
Biz, ya'ni Markaziy saylov komissiyasi a'zolari barcha saylov okruglari va ularning tarkibidagi ko’plab saylov uchastkalarida bo’lib, saylovga tayyorgarlik ko’rish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan shaxsan tanishib, zarur maslahat va yordamlar berish jarayonida bunga yana bir bor ishonch hosil qildik.
Bundan tashqari, MSK majlislarida barcha okrug saylov komissiyalari raislarining amalga oshirilgan ishlar bo’yicha batafsil axborotlari tinglandi va muhokama qilindi. E'tibordan chetda qolgan masalalar, yo’l qo’yilgan kamchiliklar darhol bartaraf etib borildi.
Ana shunday tizimli ishlar samarasida saylov uchastkalarida saylovchilar zarur axborotlarni olishi, erkin ovoz berishi uchun saylov qonunchiligida qat'iy belgilab qo’yilgan barcha sharoitlar yaratildi.
Prezident saylovini o’tkazish bo’yicha tuzilgan uchastka saylov komissiyalari tarkibida faoliyat yuritayotgan a'zolarning sifat ko’rsatkichlari tahlil qilinsa, milliy saylov tizimida izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik o’zgarishlar berayotgan yuksak samaralarni ko’rish mumkin.
Bu, avvalo, jami 108 ming 399 a'zoni birlashtirgan uchastka saylov komissiyalari safida ayollarning avvalgi saylovlardagidan sezilarli darajada ko’pligida ko’rinadi. Agar 2019-yilda o’tgan parlament saylovida uchastka saylov komissiyalari tarkibida 54,4 mingga yaqin ayol faoliyat yuritgan bo’lsa, joriy yildagi Prezident saylovida ular qariyb 2,5 mingta ko’p.
Mazkur komissiyalar raislarining 3827 nafari, rais o’rinbosarlarining 4199 nafari, kotiblarining esa 5745 nafari xotin-qizlardir. Uchastka saylov komissiyalari tarkibida nogironligi bo’lgan 1856 fuqaro ish olib bormoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo’yicha mutaxassislar esa a'zolarning 19 foizini tashkil etadi.
Ushbu ko’rsatkichlar saylov o’tkazish bo’yicha okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibiga qo’yiladigan yuksak xalqaro talablarga to’la mosdir.
“Bir saylovchi - bir ovoz”
Bunday yuksak talablarga mos natijaga erishish o’z-o’zidan bo’lmasligi ayon. Shu bois, Markaziy saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlikni Muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o’tkazuvchi komissiyalar a'zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlashdan boshlagani bejiz emas.
Joriy yilning 19-may kuni qabul qilingan ushbu hujjatda belgilangan vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta'minlashda Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti o’rtasida yo’lga qo’yilgan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta'kidlash o’rinli.
Barcha darajadagi saylov komissiyalari a'zolarining saylov qonunchiligidagi yangiliklardan xabardorligini, saylovga oid bilim va ko’nikmalarini oshirishga qaratilgan mashg’ulotlar uch bosqichda amalga oshirildi. Treninglarda zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanilgani kutilgan samarani berdi.
Yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan va interfaol usullar ustuvorlik kasb etgan mashg’ulotlar jarayonida mamlakatimiz bo’yicha 112 mingdan ortiq saylov tashkilotchisi malaka oshirdi. Bilim va amaliy ko’nikmasi test usulida sinovdan o’tkazilganida tinglovchilarning 95 foizdan ortig’i yuqori ball oldi.
Faqat ovoz berish yashirin
Saylov - demokratiya ko’zgusi, degan gap bejiz ommalashmagan. Negaki, har qanday mamlakatda ochiqlik, oshkoralik, so’z erkinligi, saylash va saylanish huquqiga oid umume'tirof etilgan ko’plab demokratik tamoyillarning amalda nechog’liq ta'minlangani aynan saylov jarayonida namoyon bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish jarayonlarining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatining asosiy prinsiplaridandir.
Prezident saylovini 800 ga yaqin xalqaro kuzatuvchi kuzatib boradi. Ular orasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi va MDH Parlamentlararo assambleyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar va dunyoning 47 davlatidan tashrif buyurgan kuzatuvchilar bor.
Ayni paytda Prezidentlikka nomzod ko’rsatgan siyosiy partiyalar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan 54 mingga yaqin kuzatuvchi akkreditatsiyadan o’tkazilgan.
Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiyadan o’tgan 1257 vakili saylov jarayonlarini yoritib bormoqda.
Saylov uchastkalarini ovoz berishga hozirlash jarayonida kuzatuvchilar va jurnalistlar uchun maxsus joy ajratilishiga alohida e'tibor qaratildi. Kuzatuvchilar ovoz berish jarayonini bemalol kuzatishlari, OAV vakillari bu jarayonni hyech qanday to’siqsiz yoritib borishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Markaziy saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik ko’rish bilan bog’liq barcha majlislari ijtimoiy tarmoqlar orqali surdo tarjimasi bilan jonli efirga uzatib borildi. Saylov kunini eslatuvchi SMS-xabarlar fuqarolarning mobil telefonlariga yuborilmoqda.
O’zbekiston Respublikasining xorijga ketayotgan fuqarolari uchun saylov kuni xorijda ovoz berish tartibini tushuntiruvchi flayerlar, saylovga chorlovchi plakatlar, saylovda ishtirok etuvchi fuqarolar uchun taklifnomalar tayyorlandi va belgilangan tartibda tarqatildi.
Raqamli texnologiyalarning O’zbekiston milliy saylov tizimiga keng joriy etilayotgani ham Prezident sayloviga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlashda keng imkoniyatlar yaratmoqda.
2019-yilgi parlament saylovida ilk bor oltmishta saylov uchastkasiga jami 120 ta videokuzatuv uskunasi o’rnatilgan edi.
Joriy yilgi saylovda qariyb uch barobar ko’p - barcha tuman va shaharlarda ikkitagacha saylov uchastkasi binosida videokuzatuv kameralari ishlab turadi. Bu ovoz berish jarayonlarini real vaqt rejimida - onlayn videotranslyatsiya qilish imkonini beradi.
Videokuzatuv kameralari o’rnatilgan saylov uchastkalari binolarida saylovchilarning yashirin ovoz berish prinsiplariga to’liq rioya qilinadi.
Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazidagi ekranda, “Saylov2023.uz” portalida hamda O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston-24” va boshqa telekanallarda ovoz berish jarayonini bevosita kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur yo’nalishdagi muhim yangiliklardan yana biri Prezident saylovini o’tkazuvchi 14-Toshkent shahri okrug saylov komissiyasi hududida joylashgan ellikta saylov uchastkasida saylov kuni saylovchi-fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi joriy etilayotganidir.
Matbuot markazida esa O’zbekiston hududida yashovchi aholi uchun bepul 1200 qisqa raqamli va xorijda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun bepul 55-500-12-00 raqamli tezkor axborot berish markazi ishlab turibdi.
Fuqarolardan, saylov tashkilotchilariyu jurnalistlardan tushayotgan barcha murojaatlarga Markaziy saylov komissiyasi a'zolari, kotibiyatimiz mas'ul xodimlari, saylov bo’yicha yetakchi ekspertlar va huquqshunos olimlardan iborat guruh tomonidan o’z vaqtida malakali javoblar qaytarilmoqda. Murojaatlarning birortasi e'tibordan chetda qolayotgani yo’q. Saylov kampaniyasi boshlanganidan buyon fuqarolardan tushgan har bir murojaat Markaziy saylov komissiyasi yig’ilishlarida peshma-pesh ko’rib chiqildi.
Darhaqiqat, saylovda fuqarolarning faqat ovoz berishi yashirin kechadi. Qolgan barcha ishlarda ochiqlik va oshkoralik to’la ta'minlanmoqda.
Bularning barchasi “Bir saylovchi - bir ovoz” xalqaro saylov tamoyiliga qat'iy amal qilish imkoniyatini yanada kengaytirish, vatandoshlarimiz konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, saylovda erkin ovoz berishi va Prezident saylovini yuksak demokratik talablar asosida o’tkazishga xizmat qiladi.
Ko’tarinki ruh
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar murojaatlari ko’rib chiqilib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berildi. Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ro’yxatga olindi va ular MSKning saylovga doir barcha tadbirlarida bevosita ishtirok etib kelmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Xalq demokratik partiyasidan Ulug’bek Ilyosovich Inoyatov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Mahmudova, O’zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro’yxatga olingan.
Saylovda ishtirok etayotgan O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Prezident saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko’rsatilgan nomzodni qo’llab-quvvatlashga qaror qilgan.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlarning bir oy davom etgan saylovoldi tashviqoti, jumladan, saylovchilar bilan uchrashuvlari diqqat bilan kuzatib borildi. Partiyalar vakillari va Prezidentlikka nomzodlar ko’tarinki ruhda o’tgan tadbirlarda, asosan, saylovchilarga o’z Saylovoldi dasturida nazarda tutilgan maqsadlardan kelib chiqib gapirdi, bahs-munozara yuritdi. Jamoatchilik ham ularning saylovoldi tashviqotini qiziqish bilan kuzatib borar ekan, ko’plab yangi g’oya va tashabbuslar, fikr va loyihalardan voqif bo’ldi, deb o’ylayman.
Barcha siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylovoldi tashviqoti yuritishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko’ra bir xil efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo’li bilan teng sharoit va imkoniyat ta'minlandi. Saylov qonunchiligi bilan o’rnatilgan tartib va talablarning birorta siyosiy partiya yoki nomzod tomonidan buzilish hollari kuzatilmadi.
Saylovchilarni Prezident saylovi kuni, unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar haqida xabardor qilishga qaratilgan hamda saylovda faol ishtirok etishga chaqiruvchi turli o’lchamlardagi 691 mingdan ortiq nusxadagi plakatlar o’zbek, rus, qoraqalpoq, tojik, qozoq, turkman, qirg’iz tillarida chop etilib, aholi gavjum joylarga joylashtirildi.
389 mingga yaqin tashqi reklama vositasida O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga ovoz berishga chaqiruvchi saylovoldi tashviqoti bannerlari o’rnatildi.
Bularning barchasi siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari o’rtasidagi o’zaro raqobat va kurashni qizitdi. Buni har qadamda - saylovchilar bilan teledebatu uchrashuvlarda, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarda, ijtimoiy tarmoqlarda, siyosiy partiyalarning nashrlari va veb-saytlarida, shuningdek, internet nashrlarda ko’rish mumkin. Bunday tadbirlar millionlab saylovchilarni qamrab oldi.
Odamlardagi bu qiziqish, faollikning sababi, avvalo, mamlakatimizda kechayotgan demokratik o’zgarishlarda, muqarrarlik kasb etib borayotgan erkinlik, ochiqlik va oshkoralikdadir. Xalqimizning Vatanimiz kelajagiga yuksak umid va qat'iy ishonchida, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg’usi yuksalib borayotganidadir.
Bular O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining ko’ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida, xalqaro umume'tirof etilgan demokratik standartlarga mos o’tayotganiga yorqin misollardir.
Mehr-e'tibor
Markaziy saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo’lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga hamisha jiddiy e'tibor qaratib keladi.
Bu muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish jarayonida ham amaliy ifodasini topmoqda.
Mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda Prezident saylovini tashkil qilish va o’tkazishda nogironligi bo’lgan fuqarolarning o’z saylov huquqlaridan teng, to’sqinliksiz foydalanishini ta'minlash maqsadida saylov uchastkalari binolarini va ovoz berish xonalarini tanlash hamda jihozlashda milliy saylov qonunchiligida belgilangan barcha shart-sharoitlarni yaratishga alohida e'tibor qaratildi.
Nogironligi bo’lgan fuqarolarning saylov huquqlarini ta'minlashda qo’shimcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga doir masala MSK majlisida muhokama qilinganida, O’zbekiston Nogironlar jamiyati, Ko’zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va Nogironlar assotsiatsiyasidan vakillar ishtirok etdi. Dolzarb masalalar yuzasidan fikrlarini bildirib, takliflarini aytdi.
Saylov byulleteni brayl alifbosida ko’p ming nusxada chop etildi. Ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi fuqarolar saylov byulletenida o’z xohish-irodasini mustaqil ifoda eta olishi uchun har bir saylov uchastkasi trafaret bilan ta'minlandi.
Saylov uchastkalarida nogironligi bo’lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirildi. Ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi saylovchilar uchun optik lupalar hamda yoritkichlar mavjud bo’lishi ta'minlandi.
Markaziy saylov komissiyasi majlislarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz va telekanallar orqali surdo tarjimada bevosita kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Saylov - mamlakatning, millatning imiji, obro’si. Har bir fuqaroning buguni va kelajagiga bevosita ta'sirini o’tkazadigan ulkan siyosiy voqyea.
Bugun dunyo ahli mustaqil O’zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan o’zgarishlarni katta umid va xayrixohlik bilan kuzatib turibdi.
Ishonchimiz komilki, muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqimiz o’z xohish-irodasini yana bir bor emin-erkin namoyon etadi, istiqboldagi milliy taraqqiyotimizning yo’nalishlarini belgilab olishdek muhim jarayonlarga munosib hissasini qo’shadi.
Ushbu tarixiy saylov yangi O’zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida eng muhim xalqaro saylov prinsiplariga sadoqatining yana bir yorqin namoyishiga aylanadi.
Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimizga murojaat qilib aytmoqchimanki, saylov o’zining, farzandlarining porloq kelajagini o’ylagan millat, xalq hamda Vatanini sevgan har bir inson uchun ulkan imkoniyatdir.
Kelayotgan yakshanba, 9-iyul kuni har birimiz ana shunday imkoniyatdan - konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanib, o’zimiz erkin tanlagan munosib nomzodga ovoz bersak, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini ta'minlashdek ezgu ishlarga shaxsiy hissamizni qo’shgan bo’lamiz.
Zayniddin Nizomxo’jayev,
O’zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi raisi,
O’zbekiston Qahramoni