Germaniyalik shifokorlar Andijonda
Germaniya Federativ Respublikasining Rostock universiteti rektori Volfgang Schareck, Tibbiyot maktabi dekani Emil Reisinger, Urologiya klinikasi direktori, professor Oliver Xakenberg va boshqa bir guruh germaniyalik mutaxassislar Andijonga keldi.
Rostock universiteti va Andijon davlat tibbiyot instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari bir necha yillardan buyon davom etmoqda. Ana shu hamkorlik doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan germaniyalik shifokorlar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialida shifokorlar bilan muloqotda bo‘ldi, mahorat darslari o‘tkazdi.
Rostock universiteti va Andijon davlat tibbiyot instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari bir necha yillardan buyon davom etmoqda. Ana shu hamkorlik doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan germaniyalik shifokorlar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialida shifokorlar bilan muloqotda bo‘ldi, mahorat darslari o‘tkazdi.
Ikki davlat mutaxassislari ishtirokidagi muloqotda keyingi yillarda yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, tibbiy muassasalar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xalqaro tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jahon miqyosidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va tizimga joriy etish borasida salmoqli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Germaniyalik mutaxassislar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filiali faoliyati, xususan, markazda bemorlarga yaratilgan sharoitlar, kasallikni aniqlash, samarali davolash borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi, bemorlar bilan suhbatlashdi.
Shuningdek, mamlakatimiz tibbiyotida onkologik va radiologik xastaliklarni aniqlash, kasallikka tashxis qo‘yish va davolash usullari, samara va natijalar, bu borada Germaniya tajribasi xususida o‘zaro fikr almashildi.
– Maqsadimiz, yurtingiz aholisi salomatligini saqlashga ko‘maklashish, o‘zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, – deydi Rostock universiteti rektori Volfgang Schareck. – Yurtingiz tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuqlarni alohida e’tirof etish o‘rinli. Qolaversa, o‘zaro hamkorligimiz har ikki tomon uchun ijobiy samaralar beradi.
Markazda Rostock universiteti Urologiya klinikasi direktori, professor Oliver Xakkenberg tomonidan o‘ng tomonlama adrenalektomiya bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Tashrif davomida germaniyalik shifokorlar viloyatdagi boshqa tibbiyot maskanlari hamda Andijonning diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi.