Yurtimiz “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumiga mezbonlik qilmoqda
Hozirgina Toshkentda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida bo‘lib o‘tayotgan tadbir Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Xalqaro islom akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimiyatlari hamkorligida tashkil etilgan.
Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg‘or xorijiy tajriba namoyish etiladi.
Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining e’tiqod erkinligini ta’minlash va dinlararo muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatini birlashtirish jarayoni ajralmas qismi bo‘lib, davlatimizning inson huquq va erkinligi bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga qat’iy sodiqligi, O‘zbekiston Respublikasi 2020 yil ilk bor saylangan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi mas’ul a’zosi sifatida mamlakatimizning ayni yo‘nalishda e’tirof etilgan umumiy standartlarni xalqaro miqyosda faol targ‘ib etishga tayyorligi ifodasidir.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti direktori birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov so‘zga chiqib, 16-17 may kunlari Toshkentda ko‘p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini ta’minlash, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazilishini ma’lum qildi.Mazkur nufuzli xalqaro marosim 20 mayga qadar davom etadi.