Kurash: Germaniyada Prezident sovrini uchun xalqaro turnir o‘tkaziladi
Milliy sportimiz – kurashni ommalashtirish, uni Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida qator amaliy ishlar qilinyapti.
Qabul qilingan dasturlar asosida xorijiy davlatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha xalqaro turnirlarning tizimli o‘tkazilishiga erishish borasida O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan tashabbuslar amalga oshirilayapti.
Ushbu sa’y-harakatlar natijasida joriy yil 7-9 may kunlari Germaniyadagi Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston kurash federatsiyasi ma’lum qildi.
Mukofot jamg‘armasi 10 ming yevro bo‘lgan mazkur turnir kurashni ommalashtirish orqali O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishda muhim omil sanaladi. Ko‘hna qit’ada o‘tadigan musobaqada 20 ga yaqin davlatlardan mahoratli sportchilar ishtirok etish uchun dastlabki talabnomalarni tashkiliy qo‘mitaga taqdim etgan.
Ilk bor tashkil etilayotgan musobaqalarda erkaklar +81 kg vazn toifasida, ayollar +63 kg.da kurash olib borishadi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi, O‘zbekiston va Germaniya kurash federatsiyalari hamda mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi hamkorligida o‘tadigan nufuzli turnir doirasida Germaniyadagi bir qator sport klublarida, madaniy maskanlarda 3 kun mobaynida milliy sportimiz bo‘yicha murabbiylar seminari, davra suhbatlari, milliy qadriyatlarimizga oid ko‘rgazmalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.