Vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik: O‘zbekiston va Germaniya diplomatik munosabatlarning 30 yilligini nishonlamoqda
“Germaniya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy,
investisiyaviy va texnologik sheriklaridan biridir”
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston-Germaniya do‘stona munosabatlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Germaniya respublikamizni birinchilardan bo‘lib tan oldi va 1992-yil 6-martda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Bugun biz ushbu tarixiy voqeaning 30 yilligini nishonlamoqdamiz.
O‘zbekiston Germaniyani ulkan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy salohiyatga ega dunyodagi yetakchi davlatlardan biri deb biladi. Biz uchun Germaniya muhim va ishonchli xalqaro hamkordir. Ikki tomonlama hamkorlik iqtisodiyot, madaniyat, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa koʻplab sohalarda faol rivojlanmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning islohotlar siyosati boshlanganidan buyon O‘zbekiston-Germaniya hamkorligi yangi, misli ko‘rilmagan miqyosda rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston rahbarining 18 yillik tanaffusdan so‘ng Germaniyaga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tgan 2019-yil bu borada alohida e’tiborga molik bo‘ldi. E’tiborlisi, oradan bir-ikki oy o‘tib, o‘sha yilning o‘zida Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer javob tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Ushbu o'zaro tashriflar ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochdi, turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga kuchli turtki bo'ldi.
Islohotlar siyosati va O‘zbekiston iqtisodiyotining ochiqligi ikki tomonlama savdo va sarmoyaviy hamkorlikning sezilarli faollashuviga xizmat qildi – Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi eng muhim iqtisodiy hamkori hisoblanadi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston va Germaniyadagi barcha do‘st va hamkorlarni mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan tabriklaymiz va barchamizga o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini kengaytirish yo‘lida yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz!