Konrad Adenauer jamg'armasi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni qo'llab-quvvatlaydi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi doirasida Konrad Adenauer Jamg’armasining boshqaruvi raisi, professor Norbert Lammert bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Kun tartibida mintaqaviy va xalqaro miqiyosdagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, Germaniya jamg‘armasi va O‘zbekiston tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Germaniya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Norbert Lammert Prezident Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ichki va tashqi siyosatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Germaniya tomonining ta’kidlashicha, misli ko‘rilmagan qisqa vaqt ichida O‘zbekistonning mintaqadagi siyosati yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi mutlaqo yangi siyosiy muhitni yaratdi. Shu bilan birga, mintaqaviy hamkorlik iqtisodiy o‘sishning muhim omili ekanligi eslatib o’tildi.
Shu munosabat bilan suhbatdosh Germaniya Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiya jarayonlari fonida strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan O‘zbekiston bilan yaqin sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga e’tiborni kuchaytirayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv so’ngida Konrad Adenauer Jamg’armasining mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, iqtisodiyot, ijtimoiy sohani rivojlantirish va boshqa sohalardagi dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazishdan manfaatdorligi bildirildi.