Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Germaniya sarmoyasi va ilg’or tehnologiyalari jalb qilinadi
2021-yilning 27-dekabr kuni O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Nabijon Kasimov va uning nemis hamkasbi, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tilo Klinner Olmaliq shahriga tashrif buyurib, respublikadagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK)ning yaratilish tarixi va bugungi kundagi faoliyati bilan tanishdilar.
Tashrif doirasida diplomatlar “Qalmoqir” va “Yoshlik” konlarida bo‘lishdi, shuningdek, “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish bo‘yicha megaloyihaning amalga oshirilish jarayoni bilan tanishishdi.
OKMK boshqaruvi raisi A.Xursanov bilan uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mis klasteriga va kombinatni mavjud salohiyatini kengaytirish, hamda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo’yishga qaratilgan boshqa istiqbolli loyihalarga Germaniya sarmoyasi va ilg’or tehnologiyasini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida OKMK tomonidan amalga oshirilayotgan zamonaviylashtirish loyihalarini amalga oshirishga Germaniyaning ixtisoslashgan kompaniyalarini jalb qilish, shuningdek, kombinat korxonalari uchun yetakchi nemis ta'lim muassasalari ko’magida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq OKMK rahbariyati joriy yilning noyabr oyida Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi doirasida nemis kompaniyalari bilan bir qator muzokaralar oʻtkazgan edi.