O‘zbekistonlik ekspertlar Germaniyadagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi
Joriy yilning 26 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Inson huquqlari milliy markazi, Taraqqiyot strategiyasi markazi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Germaniyada parlament saylovlarini tashkil etish va o‘tkazish amaliyoti, shuningdek, Berlindagi saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishib, bir qator saylov komissiyalari a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Ushbu tashrif Konrad Adenauer jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, shu yilning 26 sentyabrida Germaniyada muhim siyosiy voqea – navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylov 16 yil ichida birinchi marta GFRning amaldagi kansleri ishtirokisiz o‘tkazildi. Ma’lumki, 2018 yilda 4 marotaba kansler sifatida faoliyat ko‘rsatgan Angela Merkel mamlakatning eng yirik siyosiy kuchi – Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) raisi lavozimidan iste’foga chiqqan va siyosatdan ketishini e’lon qilgan edi.
Germaniyada saylovlar bilvosita saylov huquqiga asoslangan. Ushbu mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, saylovlarda g‘olib bo‘lgan partiya hukumat tuzish huquqiga ega va partiyaga ko‘rsatgan nomzod, Vazirlar mahkamasini muvaffaqiyatli tuzgan taqdirda, federal kansler lavozimini egallaydi.
Aytib o‘tish joizki, kansler lavozimi uchun eng mashhur siyosiy partiyalardan uch nomzod kurashmoqda: Xristian demokratik ittifoqi/Xristian sotsial ittifoqi (XDI/XSI) blokidan – XDI raisi Armin Lanshet; Germaniya sotsial-demokratik partiyasidan – vitse-kansler vazifasini bajaruvchi, Germaniya moliya vaziri Olaf Shols; «Union90/Green» dan – partiya hamraisi Annalena Berbok.
Germaniyaning 83 milliondan ortiq aholisidan 18 yoshdan oshgan 61 millionga yaqin fuqaro ovoz berish huquqiga ega.
Butun mamlakat bo‘ylab mahalliy vaqt bo‘yicha soat 08:00 dan 18:00 gacha ochiq bo‘lgan 60 mingga yaqin saylov uchastkalari tashkil etilgan.
Uchastka komissiyasi a’zolari, shuningdek, poytaxt saylov boshqarmasi vakillari bilan suhbat chog‘ida saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etish, fuqarolarning xohish-irodasini erkin ifoda etishlari uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha tajriba almashildi.
Germaniyalik hamkorlarga yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari to‘g‘risida, 2019 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining asosiy qoidalari, shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish amaliyoti bilan tanishish to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, shuningdek, Germaniya tomoniga saylov qonunchiligidagi yangiliklar, okrug va uchastka saylov komissiyalari ishini tashkil etish amaliyotini takomillashtirish, ularni tuzish tamoyillari, faoliyatning ochiq, ob’ektiv xarakterini ta’minlash borasida atroflicha tushuntirish berdilar.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Germaniya saylov qonunchiligini qiyoslab ko‘rilganda, ayrim jarayonlar o‘xshashligi namoyon bo‘ldi. Bular qatorida muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati, nogironlarning saylov huquqini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish kabilarni keltirish mumkin. Shu bilan birga, germaniyalik ekspertlar O‘zbekiston saylov qonunchiligida chet elda ovoz berish imkoniyatlari va gender tengligini ta’minlashning qonuniy mustahkamlanishi kabi yangiliklarni yuqori baholadilar.
Germaniyalik hamkasblar, shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarning O‘zbekistondagi saylovlarda qonuniy ravishda ishtirok etish tartibiga katta qiziqish bildirdilar. Aytib o‘tish lozimki, Germaniyada xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki va ularning vakolatlarini qonuniy tartibga solish mexanizmi mavjud emas.
O‘zbekistonlik ekspertlar tashrifi dasturidan Federal prezident va Federal kansler bo‘limlarida, Tashqi ishlar vazirligida, Germaniya Bundestagida, Brandenburg federal shtatining Landtagida (parlamentida) ikki tomonlama uchrashuvlar va muzokaralar, shu bilan birga Germaniyaning yetakchi tahlil markazlari, jamg‘armalari va ixtisoslashgan tashkilotlari bilan davra suhbatlari o‘tkazish ham o‘rin olgan.