Oʻzbekiston va Germaniya Prezidentlari mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qildi.
Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlarini yana-da rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi hamda mintaqaviy hamkorlikning eng muhim jihatlari muhokama qilindi.
Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanishiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu mamlakatdagi harbiy-siyosiy keskinlikning kuchayishi mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik holatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin ekani taʼkidlandi.
Afgʻon muammosining tinch yoʻl bilan hal etilishiga koʻmaklashish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish hamda mintaqadagi vaziyat yuzasidan muntazam siyosiy maslahatlashuvlar olib borish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Afgʻonistondan Germaniya fuqarolarini evakuatsiya qilish masalalari boʻyicha hamkorlik ham davom ettiriladi.