O‘zbekiston va Bavariya Bosh vazirlarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 15 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Bavariya Federal oʻlkasi Bosh vaziri Markus Zyoder bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Bavariya Bosh vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklari yetkazildi.
Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini hamda yuqori baholashini bildirdi.
Uchrashuvda tomonlar davlatimiz rahbarining Germaniya Federativ Respublikasiga xususan, Bavariyaga tashrifi yakunlari yuzasidan erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Videoanjumanda savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida ilg‘or nemis texnologiyalarini yanada keng joriy etish, Germaniya kompaniyalari bilan mamlakatimizda yuqori texnologiyali korxonalar ochish, ijtimoiy-gumanitar aloqalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Myunxenda O‘zbekiston–Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Germaniya hukumatiga pandemiyaga qarshi kurashishda mamlakatimizga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirildi.
Davlatimiz rahbarining Bavariya Bosh vaziriga o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif buyurish bo‘yicha taklifi yetkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati