O'zbekiston va Germaniya mutasaddi tashkilotlari o'rtasida saylovlarni tashkil etish va o'tkazish bo'yicha tajriba almashildi
27-may kuni elchixona tashabbusi bilan O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va Germaniyaning Saylovlar bo'yicha federal komissari (Bundeswahlleiter) idorasi o'rtasida saylovlarni tashkil etish va o'tkazish bo'yicha tajriba almashish hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida videokonferentsiya tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchisi Nabijon Kasimov, O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisining o'rinbosari Bahrom Qo'chqarov va Germaniyaning Saylovlar bo'yicha federal komissari o'rinbosari Haynts-Kristof Herbertz so'zga chiqdilar.
Tadbir davomida nemis mutaxassislari tomonidan Germaniya saylov tizimining Bundestagga saylovlar misolida taqdimoti o'tkazildi. Bunda Saylovlar bo'yicha federal komissar va Federal saylov komissiyasining vazifalari va funktsiyalari, saylovlarni o'tkazishning huquqiy asoslari, pandemiya sharoitida saylovlarni tashkil etish, demokratiya tamoyillariga rioya qilish, saylovlar to'g'risida ma'lumot tarqatish, nomzodlarni ko'rsatish, saylov komissiyalarini va saylovchilar ro'yxatini tuzish, ovoz berish tartibi, AKTdan foydalanish, kuzatuvchilar va fuqarolik jamiyati institutlarining saylov jarayonidagi roli, saylov natijalarini aniqlash tartibi singari masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
O'z navbatida, O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasining vakillari mamlakatda bo'lib o'tadigan Prezident saylovlariga tayyorgarlik haqida so'zlab berishdi.
Tadbir doirasida faol munozara ham bo'lib o'tib, unda o'zbekistonlik mutaxassislar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, joriy yilda O'zbekiston va Germaniyada bo'lib o'tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko'rish jarayonida hamda uzoq muddatli istiqbolda o'zaro aloqalar va hamkorlikni davom ettirish to'g'risida kelishib olindi.