2021-yil 10-aprel kuni O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) kuchga kiradi.
2021-yil 10-aprel kuni O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining (YI) barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) kuchga kiradi.
O‘zbekiston mazkur tizimga Preferensiyalar bosh tizimi (GSP) doirasida benefisiar mamlakat sifatida qabul qilindi.
Bu Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda muhim bosqich bo‘lib, tomonlar o‘rtasidagi muloqotni hamda savdo almashinuvini yanada chuqurlashtirishga imkon beradi. Bu kun Yevropa Ittifoqi va O‘zbekistondagi ko‘plab manfaatdor tomonlar, jumladan, mahalliy hokimiyat organlari, ishbilarmonlar doiralari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan sheriklikda yangi yo‘lning boshlanishini anglatadi.
2021-yil 9-aprel kuni "International" mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, diplomatik korpus va xususiy sektor vakillari hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumani ushbu muhim voqeaga bag‘ishlandi.
Matbuot anjumanini ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov "Respublikamizga GSP+ benefitsiar mamlakat maqomini berish to‘g‘risidagi qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rahbarligi va tashabbusi bilan davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyatining kuchli institutlariga ega demokratik davlatni shakllantirishga qaratilib, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va o‘zgarishlarning aniq natijalarini hisobga olgan holda, qabul qilingan edi.
Ishonchim komilki, bu, birinchi navbatda, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan bo‘lgan investorlar va xususiy sektor vakillariga O‘zbekistonda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga kuchli turtki beradi, shuningdek, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikasiya qilish va jadal rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi”, deb qayd etdi.
Matbuot anjumani ishtirokchilarini qutlar ekan, Yevropa Ittifoqi delegasiyasining O‘zbekistondagi rahbari, elchi Sharlotta Adrian “O‘zbekistonga nisbatan GSP+ preferensiyalar tizimi, ayniqsa, mamlakatning COVID-19 inqirozidan tiklanish davrida, g‘oyat o‘z vaqtida qo‘llanilmoqda. Bu O‘zbekistonda atrof-muhit, inson va mehnat huquqlari hamda samarali boshqaruv bo‘yicha 27 yirik xalqaro konvensiyalarni joriy etish bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish uchun yaxshi rag‘batdir”, - deya ta'kidladi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov, Latviya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Mixail Popkovs, Italiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi A.Pinna va Shvesiya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi I.Tersman ham so‘zga chiqdilar.
GSP+ tizimining a'zosi sifatida O‘zbekiston GSP qamrab olayotgan mahsulot liniyalarining uchdan ikki qismiga tariflarni to‘liq bekor qilish orqali standart GSPga nisbatan qo‘shimcha iqtisodiy imtiyozlarga ega bo‘ladi, bu esa, o‘z navbatida, eksport hajmining o‘sishiga va mamlakatga qo‘shimcha investisiyalar jalb qilinishiga xizmat qilishi mumkin.
Qo‘shimcha ma'lumotlar:
O‘zbekistonda GSP doirasidagi imtiyozlardan foydalanish darajasi hozirgi kunda 87% tashkil qiladi. Qisqartirilgan imtiyozlardan foydalanayotgan mahsulot segmentlari asosan to‘qimachilik va kiyim-kechak, plastmassa mahsulotlari, shuningdek, mevalar, yong‘oq va sabzavotlardir. Bu O‘zbekiston eksport tarkibining Markaziy Osiyo qo‘shnilariga qaraganda ancha xilma-xil ekanligini ko‘rsatadi.
GSP+ tizimi matolar, kiyim-kechak va plastik mahsulotlar kabi bir qator muhim eksport tovarlariga tariflar bekor qilinishi bois Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdoni ko‘paytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etadi. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bozoriga nisbatan yaqinligiga qaramay, savdo salohiyatidan hali to‘liq foydalanilayotgani yo‘q, chunki Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning eksport yo‘nalishlari ro‘yxatida faqat yettinchi o‘rinda turadi.
Lekin GSP+ oddiy savdo vositasidan muhim. GSP+ tizimiga qo‘shilayotganda past va o‘rtacha past daromadli mamlakatlar inson huquqlari va mehnat huquqlariga, atrof-muhit va iqlim muhofazasi va sifatli boshqaruvga oid 27 asosiy xalqaro konvensiyalarini samarali amalga oshirishga majburiyatini oladilar. GSP Reglamenti GSP+ oluvchilarining majburiyatlarini doimiy kuzatib borishni nazarda tutadi.
O‘zbekistonning GSP+ benefitsiari sifatida qabul qilinishi ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat sohasidagi islohotlarni va izchil ijobiy rivojlanishni aks ettiradi. O‘zbekiston hukumati ishbilarmonlik muhiti, sud-huquq tizimi, xavfsizlik xizmatlari, mehnat sharoitlari, ma'muriy hisobdorlik va samaradorlikni oshirish borasida ko‘plab ulkan islohotlarni boshlab yubordi.