Professional ta'lim sohasida Shveysariya bilan 12 yillik loyiha istiqbollari
Shveysariya bilan hamkorlikda 2021-2033 yillar davomida “O‘zbekistonda professional ta'lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” grant loyihasini amalga oshirish boshlanmoqda.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistondagi professional ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilarda mehnat bozoriga yo‘naltirilgan bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish va shu orqali ularni kelgusida iqtisodiyot tarmoqlarida munosib ish o‘rinlarini topish imkoniyatlarini kengaytirish hisoblanadi.
Loyiha Shveysariya hukumatining grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Yangi loyiha tizimli ravishda amalga oshirilib, unda tegishli vazirlik va idoralar bilan bir qatorda, biznes va xususiy sektor vakillarining ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, ushbu jarayon professional ta'limni boshqarish, professional ta'limda sifatni ta'minlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish va professional ta'limga tadbirkorlik sub'ektlari va ish beruvchilarni jalb qilish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.