O'zbekiston-Germaniya rivojlanish maqsadidagi hamkorlik to'g'risida hukumatlararo muzokaralari bo'lib o'tdi
2021-yilning 11-may kuni O'zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o'rtasida rivojlanish maqsadidagi hamkorlik to’g’risida hukumatlararo muzokaralar videokonferensiya shaklida bo'lib o'tdi.
Delegatsiyalariga O’zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o’rinbosari ShuhratVafaev va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligining muvaqqat vakili Gizela Hammershmidt boshchilik qildilar.
Muzokaralar chog‘ida amaldagi ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlik dasturining bajarilishi muhokama qilinib, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo’nalishlarini belgilab olindi.
Germaniyalik sheriklar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalardagi islohotlarni yuqori baholab, O’zbekistonga ko'rsatilayotgan moliyaviy va texnik yordam hajmini oshirish orqali davlatimiz hukumatini islohotlar siyosatini qo’llab-quvvatlashga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi. Jumladan, Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan qabul qilingan yangi “2030 strategiyasi” doirasida O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi yagona sherik mamlakat sifatida tanlangani ham buning yaqqol dalilidir.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha 2021-yilga mo’ljallangan ikki tomonlama moliyaviy va texnikaviy hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari qatorida tomonlar sog'liqni saqlash, kasb-hunar ta'limi, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, raqamlashtirish, eksport salohiyatini kengaytirish, shuningdek, Orol dengizi mintaqasini kompleks rivojlantirishga ko'maklashish bo'yicha aniq loyihalarni belgilab olishdi.