O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan “Consular Services” mobil ilovasi ishga tushirildi

“Сonsular Services” mobil ilovasini yuklab olish uchun QR-havolalar

Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari uchun konsullik xizmatlari mobil ilovasi ishga tushirildi Xorijda istiqomat qilayotgan yoki chet elga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari diqqatiga! Fuqarolarga konsullik masalalarini tezkor va masofaviy tarzda hal etishda qulaylik yaratish, shuningdek, zarur maʼlumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mobil qurilma orqali taqdim etish maqsadida rasmiy mobil ilova ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Zamonaviy raqamli yechimlarni o‘zida mujassam etgan ushbu ilova quyidagi asosiy vazifalar va imkoniyatlarni taqdim etadi:
* Diplomatik vakolatxonalar geolokatsiyasi va kontaktlari: O‘zbekiston Respublikasining chet ellardagi barcha elchixonalari va konsullik muassasalarining aniq manzillari, xaritadagi geolokatsiyasi (joylashuvi) hamda to‘liq aloqa maʼlumotlari bir tizimga jamlangan. Shuningdek, ilovada «Konsullik okruglari»ni tekshirish funksiyasi mavjud bo‘lib, u orqali qaysi zagranmuassasa siz turgan mamlakat yoki hududga masʼul ekanligini osongina aniqlash mumkin.
* Masofaviy konsullik xizmatlari: Hozirgi vaqtda fuqarolar ilova orqali quyidagi muhim konsullik xizmatlari uchun masofaviy tarzda ariza topshirishlari mumkin: — Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish; — Vaqtinchalik va doimiy konsullik hisobiga turish. *(Izoh: Kelgusida ko‘rsatiladigan konsullik xizmatlari ro‘yxati bosqichma-bosqich kengaytiriladi).*
* Anketalarni avtomatik to‘ldirish tizimi: Konsullik xizmatlaridan foydalanish jarayonini soddalashtirish maqsadida ariza va anketalarni to‘ldirishda yangi texnik imkoniyat joriy etildi. Tizim so‘rovnomalardagi asosiy majburiy maydonlarning taxminan 80 foizini avtomatik tarzda to‘ldirish imkoniyatini beradi, bu esa fuqarolarning vaqtini sezilarli darajada tejaydi.
* Viza talablari to‘g‘risida maʼlumotnoma (Test rejimida): Ilovada O‘zbekiston fuqarolari uchun xorijiy davlatlarga kirish vizalari talablari aks ettirilgan maxsus axborot bo‘limi tashkil etilgan. Ayni paytda ushbu bo‘lim test rejimida* ishlamoqda va maʼlumotlar bazasi muntazam ravishda to‘ldirib borilmoqda. Ilovadan foydalanish mutlaqo bepul bo‘lib, uni quyidagi rasmiy havolalar orqali yuklab olishingiz mumkin:
Google Play (Android):
https://play.google.com/store/apps/details?id=consular_services_uzb.org&hl=ru
App Store (iOS):
https://apps.apple.com/us/developer/mfa-uz/id1818537775
*Xorijdagi vaqtingizni tejang va konsullik xizmatlaridan zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida xavfsiz hamda qulay tarzda foydalaning.*