Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda Germaniya bilan hamkorlik qilinadi

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova boshchiligidagi “Mikrokreditbank” ATB vakillari va ishbilarmon ayollardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Ayollar tadbirkorligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.
Tashrif Germaniyaning “Sparkassenstiftung for International Development e.V.” va mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikni rivojlantirish, Germaniya institutlari va jamg‘armalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish hamda moliyaviy savodxonlik va biznesni boshqarish sohasida tajriba almashishdir.
O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi, Iqtisodiyot va energetika vazirligi, Qishloq ayollari assotsiatsiyasi, Jamg‘arma kassalarining moliyaviy guruhi (Sparkassen-Finanzgruppe) va boshqa tegishli tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, qator bank tuzilmalarining faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif yakunida muhim kelishuvlar imzolandi. Xususan, “Mikrokreditbank” ATB, “Hamroh” kompaniyasi va “Sparkassenstiftung” jamg‘armasi xotin-qizlarning moliyaviy savodxonligini oshirish, biznesni rejalashtirish ko‘nikmalarini rivojlantirish va maqsadli kreditlarni olishda yordam ko‘rsatishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Bundan tashqari, hujjatlar ta’lim dasturlari va moliyalashtirish mexanizmlari, shu jumladan grant va subsidiyali kredit liniyalarini amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, “Hamroh” kompaniyasi va Germaniyaning “West-Östliche Begegnungen” jamg‘armasi o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, ayollar yetakchiligini ilgari surish va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan kelishuv imzolandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining qayd etishicha, erishilgan kelishuvlar mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini barqaror rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratib, ijtimoiy-iqtisodiy sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.