MARKAZIY VA JANUBIY OSIYO: MUSHTARAK SAVDO-IQTISODIY, TARIXIY-MADANIY VA SIVILIZATSION MAKON

2025 yilning 19-21 may kunlari “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha Termiz muloqoti o‘tkazilishi bo‘lib o‘tadi.
Termiz muloqotining asosiy maqsadi – Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashdan iborat. Ushbu format xavfsizlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliya institutlarining rolini kengaytirish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishga qaratilgan.
Tinchlik va xavfsizlikka nisbatan an’anaviy va noan’anaviy xatarlar kuchayib borishi, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashuvi bilan tavsiflangan zamonaviy xalqaro tizimda kuzatilayotgan inqirozlar sharoitida, davlatlararo siyosiy ishonchni mustahkamlash, o‘zaro aloqador va umumiy tahdidlarga qarshi mushtarak hamkorlikni rivojlantirish vazifalari ikki mintaqaning barcha davlatlariga birdek daxldor masalalardir.
Shu boisdan, Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari uchun favqulodda dolzarb va ahamiyatlidir. Zero, “geografiya – bu taqdirdir”, degan edi taniqli faylasuf va tarixchi Ibn Haldun. Necha zamonlar o‘tsa hamki, ushbu fikrlar o‘zining dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmasdan kelmoqda.
Taqdirning izmi va tarix taqozosi bilan O‘zbekiston jahonaro dengiz yo‘llaridan mosuvo bo‘lib qolishiga to‘g‘ri keldi. Ayonki, eng yaqin dengiz yo‘laklari janubiy qo‘shnimiz, uzoq yillardan buyon urush va ziddiyatlar iskanjasida qolgan Afg‘oniston o‘lkasi hududi orqali o‘tadi. Mashhur sarkarda, buyuk ajdodimiz Zahiriddin Bobur va uning vorislari zamonida janubiy yo‘laklardan jami 13 ta savdo karvonlari o‘tgan ekan.
“Hind sori yuzlangan” Boburiyning tarixiy rishtalarini, savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini, umuman yangi transport yo‘laklarni barpo etish bugungi O‘zbekiston tashqi siyosiy strategiyasining ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Zero, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda: “Bugungi kunda dunyo turli tahdidlar, shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan global geosiyosiy o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ydi. Shunday murakkab sharoitda qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda. O‘ylaymanki, xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-ma’rifiy merosi hamda iqtisodiyotlarimizning o‘zaro bir-birini to‘ldirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mavjud intellektual salohiyatni, birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni o‘zaro muvofiqlashtirish vaqti keldi. Bu esa, hech shubhasiz, o‘zining qudratli ta’sir kuchini namoyon etadi. Biz o‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik, muloqot va eng asosiysi, ishonch izchil va barqaror rivojlanish, mintaqalarimiz aholisining turmush darajasi hamda farovonligini oshirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishiga aminmiz. Bunday yondashuv – davr talabidir”.
Afg‘oniston Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo, Yaqin Sharqni Uzoq Sharq mintaqalari bilan bog‘laydigan mintaqalararo transport ko‘prigidir. Markaziy Osiyo mintaqasiga eng yaqin dengiz portlari aynan Afg‘oniston hududi orqali o‘tadi. Shu maqsadda Transafg‘on transport yo‘lagini ishga tushirish O‘zbekiston uchun strategik darajada ahamiyatga ega.
O‘zbekistonning Afg‘oniston orqali dengiz portlariga chiqishi Qora va Boltiq dengiziga chiqish portlaridan 2-3 marta, Tinch okeani portlari yo‘nalishidan 5 marta qisqaroqdir. Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston umumiy xalqaro transportining 60 foizi Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston tranzit yo‘llaridan o‘tadi. Ushbu tranzit yo‘llarining ulushi quyidagicha: 69 foiz Qozog‘iston va Turkmaniston, 21 foiz Tojikiston, 6 foiz Qirg‘iziston va 4 foiz Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Istiqbolda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlarini Afg‘oniston orqali xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun qulay imkoniyatlar va sharoitlar yaratishi mumkin. Shu sababdan, xalqaro transafg‘on koridorining ochilishi mintaqalararo savdo muloqotiga zamin yaratadi, jumladan, O‘zbekiston Eron, Pokiston va Hindiston portlari orqali dunyo bozorlariga chiqadi hamda butun mintaqaning ulkan tranzit salohiyatini keng ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi uchun katta ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Masalan, O‘zbekiston 2010 yil Afg‘onistonda foydalanishga topshirilgan va poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan ilk temir yo‘l – “Hayraton-Mozori Sharif” temir yo‘lini bunyod etgan davlat sifatida tarix sahifasidan joy olgan. Bu loyiha muddatidan oldin, ya’ni 11 oyda foydalanishga topshirildi. Ushbu transport yo‘nalishi ishga tushganidan buyon u orqali 20 million tonnadan ortiq yuk tashildi. Shuning 5,5 million tonnaga yaqini O‘zbekistonning eksport tovarlari bo‘ldi.
Osiyo taraqqiyot bankining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur temir yo‘l qurilishi natijasida 1200 ta afg‘onlar doimiy ish bilan ta’minlandi, loyiha hududlarida bandlik darajasi 10 foizdan oshib, 7 mln.dan ortiq aholi temir yo‘l xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, yuklarni tashish vaqti ikki barobar qisqarib, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi 2008 yildagi 520 mln dollardan 2012 yilga kelib 1 mlrd dollardan oshdi. Ushbu davr mobaynida Afg‘onistonning umumiy savdo hajmi 2008 yildagi 3,5 mlrd dollarga nisbatan 6,8 mlrd dollarga yuqoriladi.
Mutaxassislarining baholashicha, Hayraton Afg‘onistonning asosiy quruqlik va daryo bandargohi bo‘lib, u mamlakat umumiy importining 50 foizga yaqin ulushini o‘zida jamlaydi. Bugungi kunda ham ushbu temir yo‘l O‘zbekiston va Afg‘onistonni o‘zaro bog‘lovchi hamda Afg‘onistonga gumanitar ko‘mak yuklarini yetkazib beruvchi asosiy yo‘l bo‘lib qolmoqda. Bu borada aynan Termiz shahrining o‘rnini ham alohida e’tirof etish joiz.
Termiz muloqoti davomida muhokama qilinadigan masalalardan biri “Hayraton-Mozori Sharif” temir yo‘lini uzaytiradigan va Transafg‘on transport yo‘lagining bugungi muhim loyihalaridan hisoblangan “Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo‘li (Kobul koridori) tashabbusini amalga oshirish uchun o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Hozirda Kobul koridorining “Termiz-Noibobod-Log‘ar-Xarlachi” temir yo‘li yo‘nalishi shakllantirilib, loyihani muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida yo‘l xaritasi tuzib chiqilgan. Mutaxassislar ushbu temir yo‘lni “Asr loyihasi” va Janubiy Osiyo dengiz yo‘laklariga chiqish darvozasi sifatida baholashmoqda.
Darhaqiqat, loyihaning amalga oshishi asrga tatigulik imkoniyatlarni taqdim etadi. Ammo, sir emaski, loyihaga to‘sqinlik qiluvchi omillar ham yo‘q emas. 2024 yildagi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, ikki mintaqa o‘rtasidagi savdo aylanmasi atigi 5 mlrd dollardan ham oshmaydi. Tabiiyki, bu raqam ikki mintaqaning butun salohiyati va imkoniyatlarini to‘liq ko‘rsatib bera olmaydi. Shu sababdan, Kobul koridorining ahamiyati xususida quyidagilarni sanab o‘tish lozim:
birinchidan, koridor Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, jumladan terrorizm va giyohvand moddalar savdosi kabi buzg‘unchi hodisalaraning ijtimoiy asoslarini bartaraf etishga yordam beradi. Loyihaga diqqat bilan e’tibor qaratganda, u Afg‘onistonning markaziy shaharlari va viloyatlarini bir-biri bilan bog‘labgina qolmasdan, butun aholining ishsizlik (500 ming aholiga ish o‘rni), qashshoqlik, elektr energiyasi tanqisligi, umuman, ushbu o‘lkaning izdan chiqqan ishlab chiqarish va sanoat infratuzilmasi rivojlanishiga katta turtki bo‘ladi. Qolaversa, “Mozori Sharif-Torxam” avtomobil yo‘li “Kobul halqa yo‘li”ni ham tezkor ravishda yakunlanishiga amaliy hissa qo‘shadi;
ikkinchidan, ushbu temir yo‘l nafaqat mintaqaviy, balki halqaro iqtisodiy-siyosiy munosabatlar rivojlanishida samarali o‘rin egallaydi. Mutaxassislarning baholashicha, “Kobul koridori” Yevropa, Markaziy Osiyo, Pokiston, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo-sotiqning kengayishi, eksport va import o‘sishiga xizmat qiladi. Zamonaviy jahon iqtisodiyoti sust rivojlanayotgan sharoitda ushbu loyihaning amalga oshishi mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash barobarida global iqtisodiy o‘sish sur’atlariga yangi turtki bo‘lish imkonini beradi;
uchinchidan, loyiha SHHTning barcha a’zo davlatlarini Afg‘oniston orqali o‘zaro bog‘laydi. Bu geografik jihatdan Rossiya va Markaziy Osiyoni Hindiston va Pokiston bozorlariga, o‘z navbatida, Hindiston va Pokistonni Markaziy Osiyo, Rossiya va Yevropa bozorlariga olib chiqadi;
to‘rtinchidan, koridor O‘zbekiston uchun eng yaqin dengiz bandargohlariga chiqish imkoniyatlarini ochib beradi. Ushbu temir yo‘lning foydalanishga topshirilishi savdo-iqtisodiy, transport-logistika aloqalarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi va transport izolyatsiyasidan chiqish imkonini beradi.
Tabiiyki, aynan Termiz muloqoti Transafg‘on transport yo‘lagining Janubiy Osiyoga qaratilgan loyihalarini amalga oshirish yo‘lida turgan bir qator muammolarni hal etishda zarur muloqot va muzokara maydoni bo‘lib xizmat qiladi. Zero, Termiz muloqoti turli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va energetika loyihalarini keng va atroflicha muhokama qilishga, ularni moliyalashtirishga yordam beradi.
O‘tmishga nazar solsak, Termiz shahri turli xalqlar, elatlar, turfa tillar va dinlarni o‘zaro birlashtirgan madaniyatlar chorrahasi bo‘lib kelgan. Jumladan, ushbu shahar zardushtiylik, nasroniylik, islom, buddizm va boshqa dinlar markazi sifatida tanilgan.
Termizga yaqin hududlardan topilgan qadimiy arxeologik yodgorliklar, jumladan Dalvarzintepa shahri turli xalqlar va madaniyatlar beshigi hisoblangan.
Olimlarning faraziga ko‘ra, Kushon podsholigining dastlabki poytaxti Dalvarzintepa o‘rnida bo‘lgan. Shahar yodgorliklari, ayniqsa, Dalvarzintepa xazinasidan topilgan taqinchoqlar qadimiy Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston hududlarida yashagan xalqlarning madaniy va iqtisodiy aloqalari qanchalik yuqori bo‘lganidan darak beradi.
Shuningdek, Termiz shahri jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk islom ulamolari Hakim at-Termiziy, Iso Termiziy, Sobir Termiziy va boshqa shu kabi qomusiy mutafakkirlarning vatani hisoblanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, endi Termizni turli tarixiy sivilizatsiyalarni birlashtiradigan zaminga aylantirish imkoniyati vujudga kelmoqda, deb aytsak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Markaziy Osiyo davlatlarining bugungi hamkorligi, ahil qo‘shnichilik siyosati va eng muhimi, o‘zaro ishonch muhiti boshqa mintaqalar uchun o‘ziga xos o‘rnak bo‘lmoqda, deb aytsak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, Janubiy Osiyo mintaqasi bilan bog‘lanish, ushbu mintaqa bilan tarix davomida gurkirab rivojlangan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar rishtalarni qayta tiklash maqsadida tashkil etilayotgan Termiz muloqoti nafaqat ikki mushtarak tarixiy-madaniy va sivilizatsiviy makonni bir-biri bilan yaqinlashtirishga, balki Afg‘onistonda barqarorlik va tinch taraqqiyotni ta’minlashning yangicha yondashuvlarini amalga oshirishga katta turtki vazifasini o‘taydi.
Qolaversa, dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan geosiyosiy raqobat va qurolli nizolar sharoitida Termiz muloqotining tashkil etilishi tom ma’noda oldindan aytib bo‘lmaydigan xavfsizlik bilan bog‘liq tahlikalar, iqtisodiy inqirozlar, ekologik xatarlar, tamaddunlar to‘qnashuvi kabi o‘tkir muammolariga preventiv diplomatiya va konstruktiv muloqot orqali javob izlashga sezilarli darajada imkoniyat yaratib beradi.
O‘zbekiston tashqi siyosatidagi strategik yondashuvning mohiyati ham aynan ikki mintaqa xalqlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni tiklash, o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo mintaqasini yangi bozorlarga olib chiqishdan iborat. Bu tashabbus mintaqada yashaydigan barcha xalqlarning manfaatlariga to‘liq mos kelibgina qolmay, jahon hamjamiyatining, jumladan, BMT tomonidan qabul qilingan “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiya ijrosini ham ta’minlashga har jihatdan hissa qo‘shadi.
Umuman, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari tarixiy burilish pallasida turibdi. Termiz muloqoti mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga turtki beruvchi maydon sifatida mushtarak tarixiy-madaniy va sivilizatsion aloqalarni tiklash bilan birgalikda, Afg‘oniston orqali yangi xalqaro transport-logistika yo‘laklari rivojlanishiga imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Diplomatiya va ishonch inqirozi kuchayib borayotgan hozirgi davr uchun Termiz muloqoti kabi tashabbuslar favqulodda muhim va ahamiyatli hisoblanadi. Zeroki, mintaqalar nizo va raqobat bilan emas, balki bir-birini tushunish, o‘zaro muloqot va yaqin hamkorlik asosida rivojlanishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.
Suhrob Bo‘ronov
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)