O‘zbekiston tarixida ilk marta BMT Statistika Komissiyasiga bir ovozdan saylandi

Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Statistika Komissiyasining 2026-2029 yillarga aʼzo davlatlarini saylash jarayonida tarixida ilk marta O‘zbekiston ushbu organ aʼzosi etib bir ovozdan saylandi, deb xabar beradi "Dunyo" AA.
Taʼkidlash joizki, Statistika Komissiyasi 1947 yilda BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi (IIK) tomonidan funksional organ sifatida tashkil etilgan. U xalqaro statistika sohasining rivojlanishini belgilovchi asosiy hukumatlararo tashkilot bo‘lib, universal statistika standartlari va metodologik prinsiplarga oid ishlarni muvofiqlashtiradi. Komissiya 24 ta davlatdan iborat bo‘lib, ular 4 yilda bir marta geografik taqsimotni hisobga olib saylanadi.
O‘zbekistonning ushbu organ aʼzosi etib saylanishi mamlakatda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinganligini va mamlakatning global jarayonlardagi o‘sib borayotgan rolini ko‘rsatadi.
Statistika Komissiyasiga to‘liq aʼzo bo‘lish O‘zbekiston uchun global statistik siyosatni shakllantirishda ishtirok etish, milliy tajriba va islohotlar yutuqlarini namoyish etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi.