O‘zbekiston Xalqaro volfram sanoati assotsiatsiyasiga aʼzo bo‘ldi

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (O‘zTMK) volfram sanoatining eng nufuzli tashkiloti – Xalqaro volfram sanoati assotsiatsiyasi (ITIA)ning to‘laqonli aʼzosiga aylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekistonning ITIAga aʼzolikka qabul qilinishi mamlakatning volfram sanoatidagi salohiyati xalqaro miqyosda eʼtirof etilganining yorqin dalilidir. O‘zTMK ushbu tashkilotga qo‘shilish orqali jahon volfram sanoatining barqaror ishtirokchisiga aylandi. Aʼzolik esa O‘zTMKga global bozor maʼlumotlari va tahlillaridan foydalanish, statistik hisobotlarni olish hamda yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatini beradi.
Xalqaro volfram sanoati assotsiatsiyasi volfram qazib olish, qayta ishlash va isteʼmol bozorlarini chuqur tahlil qilish, sohaga raqamli va analitik yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va barqaror yechimlarni ilgari surish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda ITIA Yaponiya, Germaniya, Avstriya kabi texnologik yetakchi davlatlarning yirik kompaniyalari hamda ilmiy markazlarini o‘z atrofiga birlashtirgan.