Germaniyalik ekspertlar Termizda
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Termiz shahrida tibbiy ta’lim va malaka oshirishni modernizatsiya qilish loyihasini texnik-iqtisodiy asoslash uchun mamlakatimizga kelgan Germaniyaning “management4helth GmbH” konsalting kompaniyasi ekspertlarini qabul qildi.
Uchrashuvda Termiz shahrida o‘rta tibbiyot xodimlari uchun o‘quv kurslari va simulyatsion markazini tashkil etish, unda O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar, xususan, Afg‘oniston fuqarolarining tibbiy ta’lim olishi va malakasi oshirishini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Doktor Mixayel Nixsial boshchiligidagi germaniyalik ekspertlar viloyatda o‘rta tibbiyot xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish ehtiyojlari, o‘quv markazi va talabalar turar- joyi uchun yangi binolar qurish, qayta qurish, Afg‘onistonning o‘rta tibbiyot xodimlari va talabalarini o‘qitish bilan bog‘liq imkoniyatlarni o‘rganib chiqadi.
Germaniya konsalting kompaniyasi tomonidan Termiz shahrida o‘rta tibbiyot xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish markazi tashkil etish rejalashtirilgan.