O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida
2020-yilning 1-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 16-raundi boʻlib oʻtdi. Tadbir videokonferensiya shaklida oʻtkazildi.
Tomonlar delegatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod Asadov hamda Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻyicha vakili Mixael Zibert boshchilik qildi.
Siyosiy maslahatlashuvlar davomida ikki tomonlama koʻp qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi, boʻlajak qoʻshma tadbirlarning jadvali hamda tashkiliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy, moliyaviy, texnik va investitsiya sohalaridagi oʻzaro aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi. 2019-yilda amalga oshirilgan oliy darajadagi oʻzaro tashriflar natijalari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish borasidagi ishlar batafsil tahlil qilindi.
Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi hamda Oʻzbekistonning “Preferensiyalar bosh tizimi plyus” (“PBT+”) imtiyozlar tizimi doirasida benefitsiar mamlakat maqomini olishi borasida qoʻshma chora-tadbirlarni davom ettirishning muhimligi qayd etildi.
Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalar ham koʻrib chiqildi.