O‘zbekiston Prezidenti va Germaniya Federal Kansleri ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar
Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning tor doirada va delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Federal Kanslerning O‘zbekistonga tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
- Buni ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini yanada rivojlantirishga alohida e’tiboringiz va Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlashingizning dalolati sifatida qabul qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni Germaniya Federativ Respublikasi tashkil etilganining 75 yilligi va yaqinlashib kelayotgan Germaniya birligi kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Muzokaralar davomida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yili Berlinda o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga jiddiy turtki bergani ta’kidlandi.
Barcha darajalardagi aloqalar faollashdi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard yevrodan oshdi. Germaniya biznesi bilan hamkorlik kengaymoqda - yil boshidan buyon mamlakatimiz iqtisodiyotiga Germaniya kompaniyalarining 800 million yevrolik investitsiyalari kiritildi.
Iyun oyida Toshkentda O‘zbekiston-Germaniya Ishbilarmonlar kengashining sakkizinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
"KfW" banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining moliyaviy-texnik ko‘mak loyihalariga yuqori baho berildi.
O‘tgan yili Berlin shahridagi Yangi muzeyda O‘zbekiston madaniy merosi ko‘rgazmasining o‘tkazilishi madaniy sohada muhim voqea bo‘lgani, unga Germaniya poytaxtining yarim milliondan ortiq aholisi va mehmonlari tashrif buyurgani ta’kidlandi.
Shu yil yozda Samarqand shahrida Ibn Sino va Genrix Shipperges nomidagi Tibbiyot fanlari oliy maktabi ochilgani ham mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar parlamentlar, hukumatlar, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi faol aloqalarni davom ettirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.
Tashqi siyosat idoralariga O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari darajasini oshirish masalasini ko‘rib chiqish, xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish topshirildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, EXHT, Yevropa Ittifoqi institutlari va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik davom ettiriladi.
Bugungi sammitga Sanoat va texnologiyalar bo‘yicha strategik sheriklik dasturi tayyorlangani qayd etildi. Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati qariyb 9 milliard yevro bo‘lgan hamkorlik loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Ular "yashil" energetika, kimyo sanoati, o‘ta muhim xomashyoni o‘zlashtirish, mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oladi.
“Siemens Energy” kompaniyasi bilan mamlakatimiz hududlarida bug‘-gaz elektr stansiyalarini qurish, “Linde Group” kompaniyasi bilan "metanol oroli" barpo etish va "yashil" ammiak ishlab chiqarish, “KfW Ipex-Bank” ishtirokida yirik mis konini o‘zlashtirish, “Giga Fiber” bilan mis qazib olish va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish, “AMK Global” bilan uglerod tolasi, “Guesscon” bilan qora qurum va vodorod ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab loyihalar eng muhim loyihalar sifatida qayd etildi.
Nasos tizimlarini mahalliylashtirish, qayta tiklanuvchi energetika, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish, logistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha bir qator yangi loyihalar mavjud.
Ushbu loyihalarni tezlashtirish va qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni rag‘batlantirishning samarali vositalarini joriy etishga kelishildi.
Tashrif davomida o‘ta muhim xomashyo resurslari va iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha imzolanadigan bitimlarning ahamiyati ta’kidlandi.
O‘zbekiston Germaniya hukumati tashabbusi bilan tuzilgan Iqlim klubida ishtirok etishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Germaniya tomoniga BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast jamg‘armasini faollashtirish rejalarini amalga oshirishda asosiy hamkorlardan biri bo‘lishni taklif etdi.
Germaniyaning ilg‘or tajribasi, bilim va texnologiyalarini jalb qilish, mutaxassislar salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda, ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha keng qamrovli dasturlar tayyorlashga kelishib olindi.
Transport va logistika, samarali quruqlik va havo yo‘laklarini rivojlantirish, transport xarajatlarini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston rahbari “Lufthansa” aviakompaniyasining mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarini qayta yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
O‘zbekiston va Germaniya hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi. Yil boshidan buyon Germaniyaning ikkita federal o‘lkasi vakillari mamlakatimizga tashrif buyurdi. Yil oxirigacha Berlin, Bavariya va Tyuringiya delegatsiyalarining tashrifi kutilmoqda.
Tashrif davomida mehnat migratsiyasi sohasida shaffof va tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Mas’ul idoralar darajasida talab yuqori bo‘lgan o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash va Germaniyaga yuborish bo‘yicha amaliy hamkorlik "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklif etildi.
Germaniyaning dual ta’lim tizimini O‘zbekiston hududlarida keng joriy etishga qiziqish bildirildi. Yetakchi universitetlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy aloqalarni rivojlantirish uchun ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
O‘zbekiston tomoni qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, Germaniya oliy ta’lim muassasalarining fakultetlari va filiallarini ochish uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyorligini bildirdi.
Tashrif doirasida Boshqaruv kadrlarini tayyorlash qo‘shma maktabi ishga tushirilishi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti yoshlarimizning nemis tiliga qiziqishi yuqori ekanini, bu tilni 300 mingga yaqin yigit-qiz o‘rganayotganini ta’kidladi. Yaqinda andijonlik maktab o‘quvchisi Rayyona Ibrohimova nemis tili bo‘yicha Jahon olimpiadasida g‘olib bo‘lgani bunga yorqin misoldir.
Germaniya tomoni mamlakatimiz hududlarida til o‘rganish va o‘qituvchilar tayyorlash dasturlarini kengaytirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Madaniy hamkorlik bo‘yicha aralash komissiya faoliyatini qayta tiklash taklif etildi.
Uchrashuv yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.