O'zbekiston-Germaniya: umumiy farovonlik va taraqqiyot yo'lidagi o'zaro manfaatli hamkorlik
Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federal kansleri Olaf Shols 15-16-sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'ladi.
O'zbekiston mustaqillikka erishib, ikki mamlakat o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan buyon Germaniya xalqaro maydondagi eng ishonchli va strategik muhim hamkorlardan biri bo'lib kelmoqda.
Oliy darajadagi muloqotning faollashuvi 2019 yil yanvar oyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga ilk rasmiy tashrifi bilan boshlangan. O'sha yilning may oyida Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer javob tashrifi bilan O'zbekistonga keldi. Aytish joizki, tashriflar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga kuchli turtki berdi. Ushbu oliy darajadagi uchrashuvlar chog'ida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, global va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi o'zaro hamkorlik masalalari 2021-yil mart oyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkelning onlayn-sammitida muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari 2023-yilning may va sentyabr oylarida ikki marta rasmiy tashrif bilan Germaniyada bo'lib, Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, kansler Olaf Shols va yetakchi nemis kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazdi, shuningdek, "Markaziy Osiyo – Germaniya" formatidagi birinchi sammitda ishtirok etdi.
Oliy darajadagi munosabatlarning jadalligi va erishilgan kelishuvlarning yuqori sur’atlarda o'sib borishi ikki tomonlama kun tartibining izchil va mazmunli kengayishini ta’minladi, bu esa bosqichma-bosqich strategik xususiyat kasb etayotir.
Bugungi kunda Germaniya O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan ko'p qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdagi asosiy hamkorlaridan biriga aylangan. Xususan, rasmiy Berlin 2007 va 2019-yillarda e’lon qilingan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategiyalarini ishlab chiqish va qabul qilishda yetakchi ishtirokchilardan biri bo'ldi.
Shu bilan birga, O'zbekiston va Germaniya ko'p tomonlama formatlarda – BMT, YEXHT va boshqa tuzilmalar doirasida global va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar bo'yicha ham samarali hamkorlik qilmoqda. Rasmiy Toshkent va Berlinning ko'plab masalalar, jumladan, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlikka qarshi kurashish, shuningdek, Afg'onistondagi vaziyatni tartibga solish bo'yicha pozitsiyalari bir-biriga mos keladi yoki yaqin.
Ikki davlat hukumatlari o'rtasida turli shakllarda o'zaro hamkorlik o'rnatilgan. Ikki tomonlama sheriklik kun tartibini rivojlantirish, uni yangi tashabbuslar bilan to'ldirishda parlamentlararo aloqalar muhim o'rin tutadi. Mamlakatlarimiz parlament a’zolari muntazam tashriflar bilan almashmoqda. 2019 yil yanvar oyida Berlin shahrida Oliy Majlisning Bundestag bilan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo guruhi va "Germaniya – Markaziy Osiyo" parlament guruhi o'rtasida o'zaro Anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi hamkorlik konstruktiv xarakter kasb etmoqda. Ikki va ko'p tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari bo'yicha muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o'tkazilmoqda. 2022-yilning oktyabr-noyabr oylarida Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok O'zbekistonga tashrif buyurdi, u Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi, respublika vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o'tkazdi, shuningdek, Samarqand shahrida bo'ldi.
Germaniya O'zbekistonning eng yirik investitsiyaviy va savdo hamkorlari o'ntaligiga kiradi. O'zbekiston bozorida "MAN", "Claas", "Knauf", "GP Papenburg AG", "Deutsche Kabel", "Siemens Energy", "Linde", "Henkel" va boshqa yetakchi kompaniyalar muvaffaqiyatli faoliyat ko'rsatyapti. Germaniya investitsiyalari O'zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari – energetika, tog'-kon sanoati, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, transport va boshqa yo'nalishlarda o'sib bormoqda.
Umuman olganda, bugungi kunga qadar mamlakatimizda nemis investitsiyasi ishtirokida 221 ta korxona tashkil etilgan va 31 ta Germaniya kompaniyalarining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o'tgan.
Savdo-iqtisodiy sohadagi o'zaro aloqalarning muhim mexanizmi Savdo va investitsiyalar bo'yicha hukumatlararo ishchi guruhi bo'lib, uning muntazam uchrashuvlari iqtisodiy sheriklikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ikki mamlakatning yirik kompaniyalarini birlashtirgan 2015-yilda tashkil etilgan O'zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashi nemis ishbilarmon doiralari va O'zbekiston hukumati o'rtasidagi to'g'ridan to'g'ri va ochiq muloqot uchun eng muhim platformaga aylandi. Kengash o'ziga xos xususiyatga ega, chunki u O'zbekistondagi yagona G2B platformasi hisoblanadi.
"Günter Papenburg AG" kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi, "Bau und Verwaltungsgesellschaft mbH" kompaniyasi ijrochi direktori Angel Papenburgning O'zbekistonning Saksoniya-Anxalt va Quyi Saksoniya federal shtatlaridagi faxriy konsuli etib tayinlangani ham ikki mamlakat kompaniyalari o'rtasidagi o'zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda, shuningdek, kelajakda yuqori texnologiya va innovatsiyalar sohasida ko'plab qo'shma loyihalarni amalga oshirishni rag'batlantirmoqda.
O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi o'zaro savdoni rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. So'nggi yillarda tovar ayirboshlash doimiy ravishda 1 milliard AQSH dollaridan oshdi. Germaniyaga o'zbek mahsulotlari eksport doirasi kengaymoqda, bugungi kunda ushbu mamlakatga xizmatlar, to'qimachilik, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar sotilmoqda. O'zbekiston, o'z navbatida, Germaniyadan mexanik asbob-uskunalar, transport vositalari va ular uchun ehtiyot qismlar, farmatsevtika hamda kimyo mahsulotlari va xizmatlarini import qiladi.
Germaniya mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, innovatsion va texnologik rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, davlat boshqaruvida islohotlarga ko'maklashish, shuningdek, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yordam ko'rsatib kelgan va ular davom etmoqda.
Germaniya taraqqiyot banki "KfV" va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) orqali jalb etilgan imtiyozli kreditlar va grant mablag'lari hisobidan respublikada ijtimoiy-iqtisodiy xarakterdagi qator dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ushbu mamlakatning qator nufuzli siyosiy jamg'armalari va nodavlat notijorat tashkilotlari, xususan, Konrad Adenauer, Fridrix Ebert, Xans Zaydel va boshqa jamg'armalari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar ham e’tiborga molik.
Muxtasar aytganda, O'zbekiston va Germaniya "yashil" rivojlanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, texnologiya, sog'liqni saqlash va ta’lim, inson kapitalini rivojlantirish kabi jabhalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega.
Germaniyada ikki tomonlama munosabatlar faollashayotgan bir paytda O'zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga qiziqish ortib bormoqda.
2023-yilning may oyida Berlin shahridagi Muzeylar oroli hududida "O'zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha" nomli noyob ko'rgazmaning ochilishi ikki davlat madaniy hayotidagi ulkan loyiha bo'ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan birgalikda ko'rgazmaning ochilish marosimida ishtirok etdi. Joriy yilning 14 yanvarigacha davom etgan mazkur ko'rgazmada Berlin davlat muzeylari to'plamlaridan 65 ta, O'zbekiston muzeylari to'plamlaridan esa 285 ta eksponat namoyish etildi. E’tiborlisi, ularning aksariyati birinchi marta mamlakatimiz tashqarisida taqdim qilindi. Noyob ko'rgazmada yurtimizning qadimiy va boy madaniyati, hozirgi O'zbekiston va Markaziy Osiyo hududidagi ilk davlatlar tarixi, miloddan avvalgi VI asrdan to milodiy IV asrgacha bo'lgan davrlar haqida hikoya qilinadi.
Mazkur ko'rgazma Germaniya jamoatchiligi va ixtisoslashgan doiralarning O'zbekiston bilan aloqalarni kengaytirishga qiziqishini yanada oshirdi.
Shu o'rinda qayd etish kerakki, Germaniyada o'zbek tilini o'rganishga qiziqish ortib bormoqda. Chunonchi, ushbu mamlakatning bir qator yetakchi oliy o'quv yurtlarida o'zbek tili va adabiyoti kafedralari mavjud.
O'z navbatida, O'zbekistonda ham Germaniya, uning madaniyati, tili, ta’lim va biznes imkoniyatlariga qiziqish ortib boryapti. Xususan, respublikamizdagi 980 ta maktabda 270 mingga yaqin o'quvchi nemis tilini o'rganmoqda, ularga 3 mingdan ortiq o'qituvchi mazkur tildan saboq bermoqda. Germaniyada O'zbekistonning barcha hududlaridagi o'qituvchilarning malakasini oshirish, mamlakatimizda nemis tilini o'qitish uslublarini joriy etish amaliyoti yo'lga qo'yilgan.
Gyote instituti, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert fondlari, Germaniya xalq universitetlari assotsiatsiyasining Xalqaro hamkorlik instituti, Xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasining nemis tili bo'yicha maxsus maslahatchi-koordinatori ofisi vakolatxonalari ham nemis tilini o'rganish istagida bo'lgan o'zbek yoshlari qamrovini kengaytirishga o'z hissasini qo'shayotir.
2009-yil iyun oyidan boshlab O'zbekistonda Germaniya Tashqi ishlar vazirligining "Maktablar: kelajak hamkorlari" tashabbusi amalga oshirilyapti hamda Chet eldagi maktablar markaziy boshqarmasi va Gyote instituti nemis tilini o'rgatuvchi maktablarning o'quv va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko'maklashmoqda.
Yaqinda Andijon shahridagi maktab o'quvchisi Rayona Ibragimovaning Germaniyada bo'lib o'tgan eng nufuzli nemis tili bo'yicha olimpiadada 62 davlatdan kelgan 14 yoshdan 17 yoshgacha bo'lgan 100 nafardan ortiq ishtirokchi orasida 1-o'rinni egallagani o'zbek maktab o'quvchilarining muvaffaqiyati va bilim darajasini namoyish qildi.
Oliy ta’lim sohasida O'zbekiston universitetlari Germaniyaning 30 dan ortiq oliy o'quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatgan. Germaniya akademik almashinuv xizmati – DAAD orqali Germaniyaning turli ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarida 1000 nafarga yaqin o'zbekistonlik talaba, aspirant va doktorantlar tahsil olmoqda.
Hududlararo sheriklik munosabatlari ham izchil va samarali rivojlanmoqda. Toshkent va Berlin, Buxoro va Bonn shaharlari o'rtasida birodarlik aloqalari yo'lga qo'yilgan. Ushbu dastur doirasida samarali madaniy-ma’rifiy almashinuvlar, barqaror rivojlanishga qaratilgan loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Mehnat migratsiyasi sohasidagi aloqalar Germaniya bilan hamkorlikning istiqbolli yo'nalishiga aylangan. Xususan, tayyorlanayotgan ikki tomonlama hukumatlararo bitim O'zbekiston fuqarolarini Germaniyada maqsadli ixtisoslashtirilgan ishga joylashtirish uchun zarur huquqiy baza va keng imkoniyatlar yaratadi.
So'nggi yillarda sog'liqni saqlash sohasida ham keng ko'lamli va o'zaro manfaatli qo'shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2019-yil noyabr oyida Germaniyaning "Heinemann Medizintechnik", "KarlStorz", "Greiner" va "KfWBank Group" kompaniyalari ko'magida Qoraqalpog'iston Respublikasidagi U.Xolmurodov nomidagi Respublika ko'p tarmoqli tibbiyot markazi negizida Germaniya-O'zbekiston tibbiy-konsultativ-diagnostika markazi tashkil etildi. Unda Germaniyaning yetakchi klinikalaridan kelgan shifokorlar ushbu Markazda bemorlarga operatsiya va maslahatlarni bepul amalga oshirdi.
2023-yil fevral oyida Germaniyaning Sharite universiteti va Robert Kox instituti klinikalari bilan birgalikda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va xorijiy investorlarni jalb qilish bilan shug'ullanuvchi "Robert Kox-Ibn Sino" tibbiyot jamg'armasi tashkil etildi.
2023-yil may oyida mazkur jamg'arma bilan hamkorlikda Samarqand shahrida birinchi O'zbekiston-Germaniya xalqaro tibbiyot forumi tashkil etilgan bo'lsa, joriy yilning 18-19-aprel kunlari Berlin shahrida ushbu formatdagi ikkinchi tadbir bo'lib o'tdi.
Joriy yilning iyun oyida ochilgan "Abu Ali ibn Sino va Genrix Shipperges nomidagi Samarqand xalqaro tibbiyot fanlari oliy maktabi" O'zbekiston-Germaniya nodavlat ta’lim muassasasida sog'liqni saqlash sohasining yuqori malakali o'rta bo'g'in mutaxassislari va menejerlari tayyorlanadi.
Nemis xayriya tashkilotlari bilan sheriklik doirasida O'zbekistonga shifotalab bolalarni Germaniya klinikalarida davolash, shifoxonalarni tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlashda bepul yordam ko'rsatayotgan yirik gumanitar loyihalarni alohida ta’kidlash kerak. Masalan, "Friedensdorf International" xalqaro xayriya tashkiloti va "Sog'lom avlod uchun" jamg'armasi tomonidan O'zbekistondagi bemor bolalarni Germaniyaga davolanishga yuborish bo'yicha navbatdagi qo'shma gumanitar aksiya o'tkazilmoqda. Uning doirasida 2002-yildan 2024-yilgacha 12 yoshgacha bo'lgan 434 nafar o'zbekistonlik bola Germaniya klinikalarida uzoq muddatli – 6 oydan 2 yilgacha bepul davolandi. Bundan tashqari, 2004-2024-yillar davomida "Friedensdorf International" xalqaro tashkiloti ko'magida O'zbekistondagi klinikalarda tug'ma nuqsoni bo'lgan va kuyish bilan og'rigan 6743 nafar bemor davolandi. 20 yillik hamkorlik davrida ushbu nemis tashkiloti "Sog'lom avlod uchun" jamg'armasiga dori-darmon va tibbiy buyumlar ko'rinishidagi insonparvarlik yordamini ham taqdim etdi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish haqida so'z borar ekan, bugungi kunda besh mingdan ortiq kishini tashkil etuvchi O'zbekistondagi nemis diasporasining hissasini alohida qayd etish to'g'ri bo'ladi. Mamlakatimizda ular nafaqat o'zbek jamiyatining ajralmas qismi, balki ikki davlat o'rtasidagi ko'prik vazifasini ham o'taydi. Nemis diasporasining huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida O'zbekistonda yashovchi nemislar masalasi bo'yicha Hukumatlararo komissiya tuzilgan va u samarali faoliyat yuritmoqda.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, O'zbekiston bilan Germaniya o'rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda sifat jihatidan yangi, o'zaro anglashuv hamda ishonchning yanada yuqori pog'onasiga ko'tarildi. Shu nuqtayi nazardan, Germaniya Federal kansleri Olaf Sholsning mamlakatimizga bo'lajak rasmiy tashrifi o'zaro manfaatli siyosiy muloqotga, ko'p qirrali munosabatlarni yanada faollashtirishga, o'zbek va nemis xalqlari o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlashga yangi sur’at bag'ishlaydi.