O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki davlat hududlari kengashining birinchi majlisida ishtirok etdilar
O'zbekiston Milliy axborot agentligining xabariga ko'ra, 27 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, bu platforma olti yil avval ikki davlat rahbarlari tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, qo‘shma Hududlararo hamkorlik forumi shaklida faoliyat yuritgan.
Hududlararo hamkorlikning jadal sur’ati, o‘zaro investitsiyalarning yuqori dinamikasi, qo‘shma loyihalar soni, shuningdek, hamkorlik sohalarini kengaytirish uchun katta salohiyatni hisobga olib, forum maqomini oshirish va uni Prezidentlar raisligidagi O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashiga aylantirishga qaror qilindi.
Kengash majlisini ochar ekan, davlatimiz rahbari Prezident Vladimir Putin va Rossiya delegatsiyasi vakillarini, jumladan, 30 ga yaqin hudud rahbarlari va 300 nafar yetakchi sanoat korxonalari va biznes vakillarini samimiy qutladi.
– Bunday hamkorlik yuqori samaradorlik bilan ajralib turadi, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi, – deb ta’kidladi Prezidentimiz.
Bugungi oliy darajadagi muzokaralar samarali natijalar bilan yakunlangani, ikki davlat va xalqlar manfaatlari yo‘lida keng qamrovli sheriklikni kengaytirish va mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishni ko‘rsatgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan beri barcha darajadagi, jumladan, ikki davlat hududlari o‘rtasidagi aloqalarning faollashgani alohida ta’kidlandi. Birgina o‘tgan haftada O‘zbekiston viloyatlari delegatsiyalari Rossiyadagi sherik hududlarga tashrif buyurdi.
Shu ma’noda, hududlararo muloqotni yanada rivojlantirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Bugungi kunda hududlar darajasida 4 milliard dollarlik 200 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Kengash majlisi doirasida 5 milliard dollarlik yangi shartnomalar to‘plami tayyorlangan.
Oliy darajadagi muzokaralar davomida tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 milliard dollarga yetkazish va kelasi yili 10 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirish bo‘yicha yangi maqsadlar belgilab olingani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Maqsadlarga erishishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi aynan ikki davlat hududlari bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan davlatimiz rahbari hamkorlikning qator ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Avvalo, o‘zaro savdoni ko‘paytirish. So‘nggi 7 yil ichida O‘zbekistonning Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga o‘sdi. O‘zaro yetkazib berish tarkibi, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar hisobiga sifat jihatidan yaxshilandi.
Asosiy hamkorlar qatorida Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Tatariston, Moskva, Leningrad, Novosibirsk, Astraxan, Ivanovo, Chelyabinsk viloyatlari, Krasnoyarsk, Perm o‘lkalari, Boshqirdiston va boshqalar bor.
Kooperatsiya va import o‘rnini bosish loyihalarini oshirish hisobiga tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari qabul qilindi, bu jarayonga hududlar faol jalb qilinadi.
Savdo va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyada O‘zbekistonning to‘laqonli savdo vakolatxonasi ochiladi.
Investitsiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik sur’ati yuqori baholandi. O‘zbekistonda uch mingdan ortiq Rossiya kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatida tataristonlik hamkorlar bilan birga ishga tushirilgan "Ximgrad" sanoat zonasi kengaytirilmoqda, Jizzax viloyatida uning filiali barpo qilinmoqda.
– Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 45 milliard dollardan oshgan. Bugungi sammit doirasida kooperatsiyaning yangi loyihalari bo‘yicha 20 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi, shundan chorak qismi hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Rossiya hududlarining yetakchi korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun yangi qo‘shma sanoat zonalarini tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston hududlarida agrologistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish ishlarini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Hududlarga Rossiyada ulgurji-taqsimlash markazlarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirib, keyinchalik yurtimizga yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari hududiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirishning ahamiyatini qayd etib, qo‘shma Investitsiya platformasi ish boshlashini e’lon qildi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda Rossiya yetakchi universitetlarining 14 filiali tashkil etilgan bo‘lib, Toshkentdagi Moskva va Sankt-Peterburg davlat universitetlari, Olmaliqdagi MISIS Fan va texnologiyalar universiteti, Jizzaxdagi Qozon federal universiteti va boshqalar shular jumlasidan.
Tashrif davomida mamlakatimizda Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Madaniy hamkorlik bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti turizm almashinuvini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. So‘nggi bir necha yilda rossiyalik turistlar soni 5 barobarga oshdi. O‘zbekiston va Rossiyaning barcha yirik shaharlari muntazam aviaqatnovlar bilan bog‘langan.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Rossiyaning tarixiy shaharlariga turistik yo‘nalishlar va sayohatlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi qo‘shma dasturlarni qabul qilishni taklif etdi.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali munosabatlarning rivojlanishidagi ijobiy tendensiyalarni yuqori baholab, Rossiya va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi mavjud ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashning muhim ahamiyatini ta’kidladi. Ishbilarmon doira vakillarini qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Majlis doirasida bir qator yangi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangani e’lon qilindi.
Umuman, kengash doirasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hududlararo hamkorlik hujjatlari va bitimlar to‘plami imzolandi.