Oʻzbekiston — Germaniya: siyosiy oʻzaro ishonch oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda
Oliy Majlis Senatida parlament yuqori palatasi rahbari T.Narbayevaning Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Gyunter Leo Overfeld bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
— Germaniya Oʻzbekistonning muhim hamkori hisoblanadi, — dedi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva. — Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga, shuningdek Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning mamlakatimizga rasmiy tashriflari mamlakatimiz tashqi siyosiy hayotida muhim voqea boʻldi. Koronavirus pandemiyasiga qaramay, ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy-madaniy munosabatlar yoʻlga qoʻyildi. Parlamentlararo munosabatlar ham rivojlanmoqda, biroq imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayapti. Barcha yoʻnalishlarda xalqaro shartnomalarni tezroq ratifikatsiya qilishda muhim rol oʻynaydigan aloqalarni mustahkamlash zarur. Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan “2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan har bir hududni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Biz Qoraqalpogʻistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdan manfaatdormiz. Shuning uchun biz
20-25-dekabr kunlari xorijiy mamlakatlardagi, shu jumladan sizning mamlakatingizdagi elchilarni Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurishga zarur choralar-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida taklif qildik. Germaniyaning Qoraqalpogʻiston hududlarini rivojlantirish masalalarini ishlab chiqishda ishtirok etishi biz uchun juda muhimdir, chunki bu yoʻnalishda bir nechta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Germaniya koʻp yillar davomida eng ishonchli va sinalgan hamkorlardan biri boʻlib kelgani qayd etildi. Ikki tomonlama munosabatlar mustahkam poydevorga asoslangan va anʼanaga koʻra ishonch xususiyatiga ega. Ikki respublika oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilgandan beri siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar muloqotlarni mustahkamlashga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirildi.
Soʻnggi yillarda koʻplab sohalarda hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Davlatlar oʻrtasida oʻrnatilgan siyosiy oʻzaro ishonch hamkorlik
va oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda.
— Mamlakatlarimiz oʻrtasida koʻplab sohalarda, shu jumladan Germaniyaga yigirilgan paxta ipini eksport qilish, shuningdek yetkazib berish hajmini yana-da oshirish uchun zarur axborot tezkor almashuvi boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan, - dedi Germaniya Federativ Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Gyunter Leo Overfeld. Bundan tashqari, Germaniya hamkorlik doirasida pandemiya sharoitida sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarni rivojlantirishga 180 mln. yevro ikki yilga ajratgan. 2021-yilning ikkinchi yarmida Termizda ham mamlakatimiz hamshiralarini, ham Afgʻoniston hamshiralarini oʻqitish va ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv markazini ochish rejalashtirilgan. Shuningdek, navbatdagi loyiha doirasida davlat boshqaruvi, shu jumladan xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish uchun 10 mln. yevro ajratiladi.
Uchrashuvda paxta terimi kampaniyasida Oʻzbekiston erishgan yutuqlari qayd etildi. Bugungi kunda majburiy mehnat nomaqbul hisoblanadi va qoʻllanilmaydi. Bundan tashqari, qonunchilik darajasida koʻrilayotgan choralar majburiy mehnatga butunlay barham berishga xizmat qiladi. Savdo-iqtisodiy sheriklik ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi bozorlariga toʻqimachilik mahsulotining eksport qilinishini kengaytirish masalasi koʻrib chiqildi.
Tomonlar munosabatlarni mustahkamlash va yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi.