O‘zbekiston parlamentining Inson huquqlari bo‘yicha vakili boshchiligidagi delegatsiya Germaniyada
Mamlakatimizning Berlindagi elchixonasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni va 2024 yilda rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi doirasida tashkil etilgan mazkur davra suhbatida Germaniya parlamenti – Bundestagning deputatlari, “Germaniya-Oʻzbekiston” doʻstlik jamiyati aʼzolari, jamoatchilik, ishbilarmon doira vakillari, ekspertlar, jurnalistlar va vatandoshlar ishtirok etdi.
Elchixonamiz taqdim etgan maʼlumotga koʻra, uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova va delegatsiya aʼzolari islohotlar jarayonida qonunchilik, inson huquqlarini himoya qilish borasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan oʻzgartishlar va ularning Inson huquqlarini taʼminlashdagi roli toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Unda mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ularning Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdagi mazmun mohiyati, amaldagi ijrosi boʻyicha erishilayotgan natijalarga ahamiyat qaratildi.
Unda Bundestagning “Germaniya-Markaziy Osiyo” Parlament qoʻmitasi raisi O.Shmidtning qayd etishicha, Oʻzbekistonning bugun tez surʼatlarda rivojlanib borayotgani, ayniqsa, barqarorlik, aholi farovonlik darajasining oshib borishi va taraqqiyot uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni mamlakatning eng katta yutugʻidir. Deputat Germaniya Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, tadbirda “Germaniya – Oʻzbekiston” doʻstlik jamiyatining raisi K.Dyurkop ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona aloqalar xususida toʻxtalib oʻtdi.
– Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda ishtirok etayotganimdan xursandman. Ushbu davra suhbati Oʻzbekistonni germaniyaliklarga yanada tanitishga va hamkorlikka chorlashga xizmat qiladi. Faoliyatim doirasida Oʻzbekistonda ikki marotaba boʻldim. Ikki davlat rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan oliy darajadagi oʻzaro tashriflar Germaniya uchun Oʻzbekiston, qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikning muhimligidan dalolat beradi. Tadbirda Oʻzbekiston bugun huquqiy, demokratik, dunyoviy va ijtimoiy davlat qurish yoʻlida dadil qadamlar bilan rivojlanib borayotganidan xabardor boʻldik. Biz Oʻzbekistonning boshlagan barcha islohotlarini amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlaymiz va oldinga qoʻygan barcha maqsadlariga erishishida muvaffaqiyatlar tilaymiz, – dedi Germaniya Bundestagi deputati, parlamentning tashqi aloqalar qoʻmitasi, Markaziy Osiyo, Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlari boʻyicha masʼul vakili Andreas Larem.
„Taxi-und Mietwagenverband Deutschland“ transport kompaniyasining menendjeri Patrik Maynxardtning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim mamlakat. Davlatlarimiz oʻrtasida uzoq yillardan buyon mustahkam va doʻstlik aloqalari mavjud va bu munosabatlar oʻzaro ishonchga asoslanadi.
– Men doim hamyurtlarimni bir marotaba boʻlsa ham yurtingizni borib koʻrishga, mehri qaynoq insonlari, boy madaniyati va koʻhna tarixi, mehmondoʻstligini oʻz koʻzlari bilan koʻrib kelishlariga chaqiraman. Germaniya Oʻzbekiston bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga harakat qilmoqda. Germaniyaning galdagi vazifasi Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga lokomotiv sifatida oʻz hissasini qoʻshishdir, – dedi u.
Qayd etish kerakki, Oʻzbekiston – Germaniya ikki tomonlama munosabatlarini shu kabi tadbirlar orqali faollashtirib turish ahamiyatlidir. Oʻzbekistonda bugun qonunchilik sohasidagi oʻzgarishlar, huquqiy va mustahkam ijtimoiy davlat qurish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida yuqori darajadagi parlament delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi uyushtirilgani har jihatdan katta mazmun kasb etadi. Bu, oʻz navbatida, ikki mamlakat oʻrtasida koʻp qirrali aloqalarga keng yoʻl ochishga xizmat qiladi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA