Shtefani Klazemann: “Asarlarim taʼrifida O‘zbekiston va bu mamlakatga sayyohlarni jalb etish uchun barcha imkoniyatlarimni ishga solaman”
Germaniyalik Shtefani Klazemann psixologiya va filosofiya fanlari bo‘yicha tahsil olgan va u oilaviy terapevt va gipnoterapevt mutaxassisi hamdir.
Bugungi kunda Shtefani Klazemann “Oila maslahat markazi”da faoliyat ko‘rsatishi barobarida ijod bilan shug‘ullanadi. “Muqaddas O‘zbekiston: buyuk sufiylar izidan” nomli kitobi muallifi bo‘lgan Shtefani Klazemann yaqinda "Va nihoyat yana Buxoroda" romanini yozishga kirishdi.
2023 yil Shtefani Klazemann hayotida unutilmas voqea yuz berdi. Yaʼni, u O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Turizm qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston turizmi salohiyatini targ‘ib etishda qo‘shgan hissasi uchun “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Germaniyalik ijodkor xonimning ana shunday yutuqlari va uning O‘zbekistonga bo‘lgan o‘zgacha mehrini xalqimizga tanishtirishni afzal bildik.
O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi yordami bilan Shtefani Klazemann bilan suhbat uyushtirishga muvaffaq bo‘ldik.
–Klazemann xonim, avvalo, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun katta rahmat. Bilamiz, O‘zbekiston va uning qadimiy obidalari sizni maftun etib keladi. Shu sababdan bu yurtga mehringiz o‘zgacha va ko‘plab yaratgan asarlaringiz ham O‘zbekiston haqida. Shu kunlarda qaysi mavzu ustida ishlayapsiz?
– Ha, men allaqachon O‘zbekistonga oid yangi bir loyihani boshlaganman. Ushbu to‘g‘risida so‘z yuritishdan oldin, qilgan ishlarim xususida ikki og‘iz gapirmoqchiman. 2021 yilda O‘zbekistonga bag‘ishlangan sayohat bo‘yicha qo‘llanma va 2023 yilda esa mamlakat haqidagi tasavvurlarimdan iborat hikoyalarimni nashr ettirganman.
Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan go‘zal diyor O‘zbekiston mavzusiga bag‘ishlangan yangi yo‘nalishda roman yozishni boshladim. Ochig‘i, bu meni ilk katta ijodim bo‘ladi, xullas, bu borada ham o‘zimni sinab ko‘rmoqchiman.
– Juda yaxshi. Bu bizni faqat quvontiradi. Mumkin bo‘lsa, yaralajak asar syujeti haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
– Ushbu asarimda O‘zbekiston yana markaziy o‘rinni egallaydi, albatta. Asar syujeti hozircha sir. Lekin hozircha uning nomini "Va nihoyat yana Buxoroda" deb atadim.
Yakunida qanday nom berishimni vaqt ko‘rsatadi, balki shunday qolishi ham mumkin. Nima bo‘lganda ham ushbu ijodiy ishim o‘ta qiziqarli va mamlakatni butun go‘zalligini o‘zida yetarlicha namoyon etadigan darajada bo‘lishiga aminman.
– Klazemann xonim, O‘zbekiston sizni chindan ham maftun etganga o‘xshaydi. “Buyuk Ipak yo‘li” durdonasi sanalmish ushbu mamlakatga yana qachon tashrif buyurasiz?
–Darvoqe, kamina yaqinda, aniqrog‘i, joriy yilning 14-28 mart kunlari bir guruh ziyorat qilish istagidagi germaniyaliklarni O‘zbekistonga safarini tashkil etganman. Bu sayohatimiz pandemiya tufayli ancha vaqtdan beri amalga oshmay qolib ketgandi. Albatta, men yana O‘zbekistonning qadimiy va hamisha navqiron shaharlariga borishni intiqlik bilan kutyapman.
– Ushbu sayohatga ishtirok etish uchun hali ham ro‘yxatdan o‘tish mumkinmi?
– Albatta, hali vaqt yetarli, bizga qo‘shilishni istagan har bir kishi barcha maʼlumotlarni www.klosterreisen.de veb-sahifasida topishi mumkin.
– O‘tgan 2023 yili O‘zbekiston Respublikasi sizni medal bilan taqdirlagan ekan. Bunday eʼtirofdan mamnunmisiz?
–O‘tgan yili men uchun juda quvonarli yil bo‘ldi, desam adashmayman. Sababi, Berlin shahridagi O‘zbekiston Respublikasining elchixonasida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda men ushbu faxriy unvonga sazovor bo‘ldim. Ko‘pgina imtiyozlar qatori, ushbu mukofot menga mamlakatga istagan paytim tashrif buyurishim, shuningdek, mamlakatdagi barcha jamoat transportidan bepul foydalanishim kabi imkoniyatlarni beradi. Men bundan juda xursandman va ushbu mamlakatga sayyohlarni jalb etish uchun barcha imkoniyatlarimni ishga solaman.
Turizm qo‘mitasi ziyorat turizmi va boshqa sohalardagi yutuqlarim uchun meni mazkur mukofotga loyiq topdi. Bu birinchi navbatda mamlakatdagi so‘fiylar ziyoratgohlarini tadbiq etishdagi mehnatimga, yaʼni “Muqaddas O‘zbekiston: buyuk sufiylar izidan” nomli kitobimga minnatdorlik javobi deb o‘ylayman. 2021 yilda nashr etilgan va 402 sahifadan iborat ushbu kitobim ko‘plab zarur maʼlumotlar bilan bir qatorda fotosuratlar va illyustratsiyalar bilan mohirona bezatilgan. Shu o‘rinda mazkur kitobni nashr etishda yaqindan yordam bergan O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasiga o‘z tashakkurimni bildiraman.
Istagim, bu go‘zal yurt gullab-yashnasin. Mart oyida O‘zbekistonga safarim yana-da taassurotlarga boy bo‘ladi, degan umiddaman.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi