O‘zbekiston-Germaniya: Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida hamkorlik
O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Dilshod Axatov ushbu mamlakat Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi parlamentar davlat kotibi Ofelia Nik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida Germaniya bilan hamkorlikni kengaytirish hamda mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Nemis tomoniga so‘ngi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda, ayniqsa qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “O‘zbekiston-2030” taraqqiyot strategiyasi va undagi ustuvor vazifalar, jumladan yashil iqtisodiyotga o‘tish va tejamkor texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishidagi rejalar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.
Davlat kotibi Germaniyada iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi oqibatida yuzaga kelgan muammolarga to‘xtalib, qishloq xo‘jaligi sohasida mahsulotlar ishlab chiqarishda yangi va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hamda innovatsion bilim va ko‘nikmalar transferi masalalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u nemis tomoni ekologik talablarga javob beradigan sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, yerni meliorativ holatini yaxshilash, eroziyaga qarshi kurashish yo‘nalishlarida tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat chog‘ida Orol dengizining qurishi jahon miqyosidagi muammo ekanligi ta’kidlandi va bu borada suv qochgan hududlarda o‘rmonlar tashkil qilishda hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalar ishlab chiqish masalasida fikr almashildi.
Yuqorida qayd etilgan va boshqa yo‘nalishlarda aloqalarni jadallashtirish maqsadida GFR Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi parlamentar davlat kotibi O.Nik boshchiligidagi delegatsiyaning kelgusi yilda O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Unda ikki mamlakat tegishli vazirliklari o‘rtasida ishchi guruhining 4-yig‘ilishini o‘tkazish, O‘zbekiston va Germaniya oziq-ovqat va agrar sohasidagi kompaniyalar ishtirokida biznes-forum tashkil etish, GFR hukumati ko‘magida Orol bo‘yida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish hamda yangi loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha muzokarlar o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘z navbatida, O.Nik yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyasini kelgusi yil boshida Berlin shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yashil haftalik” xalqaro qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stendi bilan hamda mazkur tadbir doirasida 17-20 yanvar kunlari tashkil qilinadigan Global forumda ishtirok etishga taklif qildi.