Namangan viloyati delegatsiya amaliy tashrif bilan Germaniyada bo‘ldi
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini ta’minlash doirasida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazakov boshchiligidagi delegatsiya 12-15 noyabr kunlari Berlin va Shtutgart shaharlarida bo‘lib, yirik nemis kompaniyalari hamda ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar natijasida hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlar imzolandi.
Jumladan, Germaniya poytaxtida Namangan viloyati delegatsiya bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar, B2B muzokaralar o‘tkazdi. "Textima Imrort Exrort GmBH" kompaniyasi bosh direktori Hayke Hundertmark bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatdagi qator yirik tekstil korxonalari tomonidan ushbu mamlakatga yo‘naltirilayotgan mahsulotlar hajmini oshirish, yangi loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risida aniq kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tomonlar nemis kompaniyasining Namangan viloyatida tekstil korxonalariga texnik xizmat ko‘rsatish servis markazi hamda kompaniya vakolatxonasini ochish masalalarini muhokama qildilar.
"BEL - Bio Energy-Land" kompaniyasi raisi Frenk Risbek bilan kechgan uchrashuvda viloyatda yopiq turdagi vertikal issiqxonalarni tashkil etish, mahalliy tadbirkorlar bilan birgalikda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda tegishli investitsion loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Namangan viloyati delegatsiyasi va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi bosh direktori Mixael Xarms o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologiya sohalarida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Germaniyaning to‘qimachilik, mashinasozlik, yengil sanoat, metallurgiya, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalari bilan investitsion va savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida 2024 yil mart-aprel oylarida Namangan viloyatida biznes-forum o‘tkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, Namangan viloyati delegatsiyasi Germaniyaning bir qancha yirik kompaniyalari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muxtasar qilib aytganda, Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Germaniyaga bo‘lib o‘tgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga hamda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.