Germaniya ta´lim tizimidagi kasbga yo´naltirish ishlarini tashkil etish boýicha tajribasi o´rganilmoqda
Hozirda Gyote Institutining taklifiga binoan O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligining bir guruh vakillari Germaniyaga tashrif buyurishdi.
Ular nemis taʼlim tizimida kasbga yoʻnaltirish ishlarini tashkil etish hamda Oʻzbekiston va Germaniya taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasida tashkil etilayotgan seminarda qatnashib, qator germaniyalik soha mutaxassis va ekspertlari bilan uchrashuvlar oʻtkazishmoqda.
Xususan, taʼlim boʻyicha ekspert va sotsiolog Xannes Leber bilan boʻlgan uchrashuvda Germaniyaning taʼlim tizimi, turli xil taʼlim shakllari bilan tanishtirdi.
Oʻtgan davra suhbatida kasbiy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlik boʻyicha ekspert, loyiha koordinatori Xanna Fray xonim “Kasbiy taʼlim sohasida ishlab chiqarish tashkilotlari va oʻquvchilar uchun maslahatlar” mavzusida maʼruza qilib, xalqaro tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Germaniya Madaniyati vazirligining Federal yerlar doimiy konferensiyasi, Kasbiy taʼlim qoʻmitasi direktori janob Sven Pesler Germaniyaning Federal tamoyillariga asoslangan taʼlim tizimidagi huquqiy baza va qoidalar, asosiy oʻquv dasturlari boʻyicha maʼruza qildi.
Keyingi uchrashuv va tajriba almashish Germaniyaning Lyudvigsburg shahridagi Lyudvigsburg pedagogika institutida oʻtadi. Unda nemis tilini ikkinchi til sifatida oʻqitish malakasi va kasbiy taʼlimda qoʻllash masalalariga toʻxtalinadi.
Shuningdek, professional taʼlim tizimida dual taʼlim bilan tanishish hamda “Oʻsmir va yoshlar uchun nemis tilini bilmasdan ish va kasb oʻrganish” mavzusida seminar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.