“Ipak yo‘lida turizm” 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2023)
15-17 noyabr kunlari Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (keyinchalik - TXTY-2023) bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi, “Team & Co Group” kompaniyasi yarmarka tashkilotchilaridir. “Uzbekistan Airways” AJ aviakompaniyasi TXTY-2023 ning bosh hamkori sifatida ishtirok etdi.
An’anaga ko‘ra, yarmarka o‘tkaziladigan joy sifatida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilyoni tanlandi. Ma’lumot uchun: TXTY 1995-yildan buyon BMTning Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Har yili ko‘rgazma butun dunyodan sayyohlik sohasining yuzlab mutaxassislarini o‘zida jamlaydi va ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.
Mazkur yarmarka doirasida 20 ta xorijiy davlatlar (jumladan, Chexiya, Malayziya, Gruziya, Ozarbayjon, Tailand, Rossiya va boshqalar), O‘zbekistonning 14 ta viloyati, xususiy sayyohlik kompaniyalari, xalqaro mehmonxonalar tarmog‘i va otellar, aviakompaniyalar, yetakchi sayohat hamda transport kompaniyalari, onlayn bron qilish tizimlari ishtirokida turizm ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Shuningdek, mashhur oshpazlar ishtirokidagi gastro-bozor, turizm sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlar, jumladan, “BBC World News”, “Lonely Planet” va boshqalar ishtirokida turli mavzularda muhim sessiyalar va turli mamlakatlarning xususiy kompaniyalari vakillari o‘rtasida B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, turizm xizmatlari va hunarmandchilik ko‘rgazmalari tashkil etildi.
TXTY-2023 ga chet elga sayyohlar jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi (hosted buyers – professional xaridorlar) 15 ta xorijiy va 50 dan ortiq mahalliy turistik kompaniyalar ham taklif etildi.
TXTY-2023 mintaqadagi turizm sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirgan va turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirgan O‘zbekiston hamda butun Markaziy Osiyoda turizm sohasidagi eng yorqin xalqaro tadbirga aylandi.