O‘zbekiston Prezidenti Germaniya Federal Kansleri bilan muzokara o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 sentyabr kuni Berlin shahridagi birinchi “Markaziy Osiyo - Germaniya” sammiti doirasida Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri Olaf Shols bilan muzokara o‘tkazdi.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi, O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ishbilarmonlik sohasidagi sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika va boshqa sohalarda kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston rahbarining joriy yil may oyidagi Berlinga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirishga kuchli sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va sanoat kooperatsiyasi ko‘rsatkichlari ikki barobar o‘sdi. Mamlakatimizda Germaniyaning “Volkswagen”, “MAN”, “CLAAS”, “Siemens”, “Linde”, “Aurubis”, “Henkel”, “Knauf”, “Papenburg”, “Deutsche Kabel” va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Tog‘-kon, energetika, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati va infratuzilma bo‘yicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari qo‘shma iqtisodiy tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish, muqobil energetikani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va suv resurslari boshqaruvini raqamlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, moliyaviy vositalarni kengaytirish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, migratsiya va ko‘chuvchanlik sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha qator aniq takliflarni ilgari surdi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish, fan va ta’lim sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi.