O‘zbekiston Prezidenti va JST bosh direktori mamlakatimizning tashkilotga a’zo bo‘lishi masalalarini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning tez fursatda JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz o‘z oldiga o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish bo‘yicha qo‘ygan maqsadlardan kelib chiqqan holda tashkilotga qo‘shilish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishini tayyorlash, shuningdek, jarayonda ishtirok etayotgan mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish va malakasini oshirish masalalariga to‘xtaldi.
JST bosh direktori O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholadi.
Ngozi Okonjo-Iveala JST Kotibiyati O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini hamda mamlakatimiz yaqin kelajakda tashkilotga qo‘shilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida Ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni jadallashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchiligimizni JST bitim va qoidalariga uyg‘unlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.