O‘zbekiston turizm salohiyati Germaniyada namoyish etildi
Kuni kecha mamlakatimizning Germaniyadagi Elchixonasida Mustaqilligimizning 32-yilligi bayramini nishonlash tantanalari doirasida Germaniya sayyohlik uyushmasi (“Deutscher Reiseverband”) bilan hamkorlikda O‘zbekiston turizmi salohiyati va gastronomik imkoniyalarini namoyishiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Germaniyaning sayyohlik uyushma va kompaniyalari, iqtisodiyot va ommaviy axborot vakillari, parlament va hukumat aʼzolari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston turizm salohiyati, boy tarixiy va madaniy boyliklari, gastronomik imkoniyatlari hamda mavjud sayyohlik xizmatlari va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning shu kungacha erishilgan natijalari namoyish etildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga bugungi kunda germaniyaliklar uchun o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lgan Berlin shahrining Jeyms Simon galereyasi va Yangi muzeyida ochilgan «O‘zbekiston arxeologik xazinalari – Makedoniyalik Iskandardan Kushon saltanatigacha» ko‘rgazmasiga tashrif uyushtirildi.
Mehmonlarga o‘tayotgan yilda mamlakatimizda O‘zbekistonga 3,7 million sayyoh tashrif buyurgani, mamlakatimizga yil oxirigacha 7 mln. xorijiy sayyoh kelishi, va 12 mln. mahalliy sayyohni jalb qilishi, turizm eksporti esa 2 mlrd. dollarga yetishi kutilayotgani aytib o‘tildi. Yillik reja doirasida 1 ming 940 o‘rinli 170 ta mehmonxona, 80 ta hostel va 273 ta boshqa turistlar uchun turar joy obyektlari tashkil etilishi, chekka hududlarda 410 ta yangi oilaviy pansionatlar qurish rejalashtirilayotgani, bu esa aholining o‘zini-o‘zi taʼminlash va doimiy daromad manbai yaratish imkonini berishi taʼkidlandi.
Germaniyadan kelayotgan sayyohlar sonini 3 barobarga oshirish va yiliga 100 ming sayyohga yetkazish rejalashtirilgani, ushbu saʼy-harakatlarni amalga oshirishda nemis sayyohlik tashkilot va kompaniyalari bilan hamkorlik muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida yo‘lovchilar oqimi ortib borayotgani va “O‘zbekiston havo yo‘llari” 29 oktyabrdan Toshkent va Myunxen yo‘nalishida haftasiga ikki marta amalga oshiriladigan yangi reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgani eʼtirof etildi. Ushbu yangi aviqatnov ishga tushgandan so‘ng nemis sayyohlari haftasiga 6 marta Frankfurt va Myunxen shaharlaridan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qilish imkoniga ega bo‘ladilar.
„Deutscher Reiseverband“ tashkiloti prezidenti Norbert Fibig joriy yil oktyabr oyida Samarqandda o‘tkazilishi kutilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasining 25-chi yubiley sessiyasiga mezbonlik qilishiga to‘xtaldi. O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marta turizm sohasidagi eng yirik muhim tadbirga mezbonlik qilishini aytdi.
“Bugun Germaniya poytaxtiga kelgan har bir mehmon muzeyimizdagi "O‘zbekiston arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Aleksandrdan Kushonlar saltanatigacha" ko‘rgazmasiga bormasdan ketmaydi. Bu osori-atiqalar asrlar davomida tinch-totuv inoq yashab kelgan Markaziy Osiyo xalqlarining buyuk tarixidan dalolat beradi. Xabaringiz bor, ko‘rgazma O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning may oyida Germaniyaga oliy darajadagi tarixiy tashrifi chog‘ida ochilgani ham ramziy maʼnoga ega. Aynan mazkur tashrif O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yana-da chuqurlashtirish va hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini jadallashtirishga kuchli turtki berdi”, deya urg‘uladi Berlin muzeyi direktori Mattias Vemxoff.
- Quvonarlisi, har kuni ushbu ko‘rgazmaga 1 ming 200 ga yaqin kishi tashrif buyuradi. Ishonchimiz komilki, 2024 yil 14 yanvargacha davom etadigan ko‘rgazma nafaqat Germaniya aholisi, balki poytaxtimizning xalqaro mehmonlari uchun ham yurtingizni sayyohlik yo‘nalishi sifatida tanitishda katta rol o‘ynaydi. Ayni paytda O‘zbekiston hukumati mamlakatning sayyohlik salohiyatidan foydalanish, O‘zbekistonni Ipak yo‘lining durdonasiga aylantirish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda, deydi muzeyshunos olim.