O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligining yangi davri boshlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 22-23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.
2023-2024 yillarda har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” energetika sohasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish to‘g‘risida, yoshlarga oid siyosat va sport sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, Media sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish shular jumlasidan.
Tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes-forum natijasida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining salmoqli to‘plami shakllantirildi.
Bundan tashqari, Fuqarolarning vizasiz qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, “YE-permit” ruxsatnoma blanklarini elektron almashish axborot tizimini joriy qilish, oila va bolalarni muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligi borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi hamda Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror surʼatda oshib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari energetika, mashinasozlik, metallurgiya, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalar, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. "O‘rta koridor" orqali yuk tashishni ko‘paytirish, logistika va portlar infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, yangi kooperatsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va ilgari surish uchun ikki mamlakat hududlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etdilar.
Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Yetakchilar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik jihatdan muhimligini qayd etdilar. O‘tgan yilda O‘zbekiston yuklarini Boku porti orqali tashish hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Mamlakatimiz bundan buyon ham Ozarbayjonning zamonaviy transport tarmog‘idan foydalanib, yuk tashishni ko‘paytirish niyatida.
Shu maʼnoda, Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Boku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini barpo etish choralari muhokama qilindi.
Mustahkam do‘stlik va birodarlik ifodasi sifatida mamlakatimiz yetakchisi 2021 yil 31 mart kuni o‘tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida O‘zbekiston Ozarbayjon zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va maʼrifat maskanlarini qayta tiklashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini taʼkidlagan edi. Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezidentimiz tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional o‘quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o‘tkazish uchun joylar, yugurish yo‘laklari tashkil qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari har doimgidek samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.
– Saylovdan keyingi birinchi tashrifimni aynan Ozarbayjonga amalga oshirayotganim ramziy maʼnoga ega. Bu ikki tomonlama hamorligimiz eng yuksak darajaga chiqqani, yaqinlashishga o‘zaro intilish borligi, sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.