O‘zbekiston yosh musiqachilari berlinliklar qalbini zabt etdi
Joriy yilning 17-22 avgust kunlari Germaniya Federativ Respublikasining poytaxti Berlin shahrining taniqli “Konzerthaus Berlin” musiqa saroyida “Young Euro Classic 2023” nomli xalqaro mumtoz musiqa festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Mumtoz musiqa sanʼati orasida ushbu festivalning maqomi juda yuqori bo‘lib, unda AQSH, Kuba, Gretsiya, Niderlandiya, Gruziya, Fransiya, Estoniya, Ruminiya, Ukraina va boshqa mamlakatlardan kelgan yoshlar orkestrlari ishtirok etmoqda. Vatanimiz tarixida ilk bora mazkur nufuzli xalqaro tadbirda “O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri” ham mazkur orkestr badiiy rahbari va bosh dirijyori Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligi ostida ishtirok etdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi yoshlar simfonik orkestri jamoasi Mustafo Bafoyev, Frederik Shopen, Sergey Raxmaninov, Ivan Fisher, Amer Jafar kabi kompozitorlarning taniqli asarlarini mohirona ijro etib, musiqa shinavandalari olqishlariga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston orkestr jamoasining, ayniqsa mashhur o‘zbek pianinochisi Eleonora Kotlibulatovaning ijrolari jahon musiqa olami vakillarining eʼtiroflariga sazovor bo‘ldi.
Mamlakatimiz yoshlar simfonik orkestri konserti “Deutschlandfunk” radiokompaniyasi tomonidan yozib olindi va 24 avgust kuni Germaniya bo‘ylab efirga uzatiladi.
O‘zbekistonlik yosh iqtidorli sanʼat ustalarining ushbu yuqori darajadagi xalqaro musiqiy festivalda ishtirok etishi mamlakatimiz sanʼati dovrug‘ini yana bir bor dunyoga tanitishda o‘z hissasini qo‘shdi.
Konsert yakunida tashrif buyurganlar o‘zbekistonlik yosh mumtoz musiqa sanʼati ustalariga yuksak hurmat bajo keltirgan holda gulduros qarsaklar bilan uzoq olqishladilar.