YEXHT DIIHB O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida ayollar ishtiroki ortganini qayd etdi
Joriy yil 26-iyun kuni e’lon qilingan navbatdan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha oraliq ma’ruzada O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi. “Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka to‘rt nafar nomzodni ro‘yxatga oldi, ulardan biri ayol. 2016-yildan boshlab xotin-qizlarning jamiyat va siyosiy hayotdagi faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilib, parlamentdagi xotin-qizlar soni hozirgi parlamentdagi 150 o‘rindan 48 taga yetdi (32 foiz). Hozirgi MSK 21 a’zodan iborat bo‘lib, ulardan yetti nafari ayol kishi. MSK maʼlumotlariga koʻra, barcha hududiy saylov komissiya aʼzolarining 41,4 foizi va uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining 52,1 foizi ayollardir”.
Ayni paytda O‘zbekistonda gender tengligiga erishish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bu borada Prezidentimizning 20 dan ortiq Farmon va Qarorlari, hukumat Qarorlari qabul qilingan. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish, eskirgan urf-odatlarga qarshi kurashish borasidagi ishlarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Normativ-huquqiy hujjatlar qoidalarining gender tengligi tamoyillariga nomuvofiqligini bartaraf etish, ularni qo‘llash jarayonida kamsitish xarakteridagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni aniqlashga qaratilgan majburiy gender-huquqiy ekspertiza joriy etildi, 2030-yilgacha davr uchun Gender tengligiga erishish bo’yicha Strategiya ishlab chiqildi.
Shu nuqtai nazardan, xotin-qizlarning saylovda nomzod sifatida ishtirok etishi, saylovoldi tashviqotini olib borishi va hokimiyat vakillik organlariga saylanishi uchun hech qanday cheklovlar yo‘qligini ta’kidlash lozim.
Saylovoldi tashviqoti davri rasman 7-iyunda boshlandi va 7-iyulga qadar davom etadi, deya xabar beradi YEXT/DIIHB.
TOSHKENT, 26-iyun. /“Dunyo” AA/.