YEXHT DIIHB missiyasi: 9-iyul kuni bo’lib o’tgan muddatidan ilgari prezidentlik sayloviga yaxshi tayyorgarlik ko’rilgan
«9-iyul kuni bo’lib o’tgan muddatidan ilgari prezidentlik sayloviga texnik jihatdan puxta tayyorgarlik ko’rilgan», - dedi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT/DIIHB) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi missiyasi rahbari Ursula Gachek bugun poytaxtimizda o’tkazilgan O’zbekiston Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga bag’ishlangan matbuot anjumani chog’ida.
Tadbirda saylovni kuzatish missiyasi rahbari Ursula Gachek, uning o’rinbosari Masha Yanushevich, shuningdek, media-tahlilchi Elma Shexalich ishtirok etdi.
«Saylov ma'muriyati, saylov uchun belgilangan vaqt qisqa ekanligiga qaramay, texnik tayyorgarlikni samarali olib bordi va qonunda belgilangan muddatlarga rioya qildi», - dedi YEXHT DIIHB missiyasi rahbari.
Ursula Gache qayd etilganidek, saylovlar YEXHT majburiyatlari va boshqa xalqaro majburiyatlar hamda demokratik saylovlar bo’yicha standartlar hamda milliy qonunchilikka muvofiqligi baholandi.
Butun saylov jarayonini baholovchi va YEXHT DIIHB amaliyotiga muvofiq tavsiyalar beruvchi yakuniy hisobot saylovdan bir necha oy o’tib e'lon qilinadi.
Matbuot anjumani yakunida Ursula Gachek missiya nomidan O’zbekiston hukumatiga saylovni kuzatish bo’yicha taklif uchun, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligiga ko’rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o’tamiz, YEXHTDIIHBning elchi Ursula Gachek boshchiligidagi Prezident saylovini kuzatish bo’yicha missiyasi 7-iyun kuni o’z ishini boshladi. Missiya Toshkentda joylashgan 11 nafar xalqaro ekspert va 24 nafar uzoq muddatli kuzatuvchidan iborat asosiy guruhdan iborat bo’lib, ular 14-iyundan boshlab butun mamlakat bo’ylab joylashtirildi. Saylov kuni, shuningdek, 26 mamlakatdan 198 kuzatuvchi jalb qilindi.
Missiya o’z ishini 18-iyul kuni yakunlaydi.