Korrupsiyaga qarshi kurash - O’zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo’nalishi
O’zbekistonda 7 yil oldin boshlangan islohotlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Zamon bilan hamnafas bo’lish, ijobiy o’zgarishlarga ochiqlik, inson qadrini ta'minlash kabi tamoyillarga asoslangan qarorlar mamlakatning ertasini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayonlarga xalqning to’g’ridan-to’g’ri jalb etilayotgani, OAV va fuqarolik jamiyati vakillarining faol ishtiroki tufayli jamiyatning faollashyotganidan darak beradi.
Bu jarayon konstitutsiyaviy islohotlar misolida yaqqol namoyon bo’ldi. Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qo’yilgan dastlabki davrda 150 ming, keyinchalik muhokamalar davom ettirilgani natijasida 220 mingdan ortiq taklif kelib tushdi.
Islohotlarni barcha yo’nalishlar misolida ko’rishimiz mumkin. Hususan, mamlakatimizdagi oxirgi yillardagi o’zgarishlar natijasida O’zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha o’z modelini yaratmoqda.
Mazkur natijalarning asosiy ijrochilari korrupsiyaga qarshi kurashishga mas'ul organlar, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari va keng jamoatchilik hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish marosimiga bag’ishlangan Oliy Majlis palatalari qo’shma majlisidagi nutqida “So’nggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqilganligini ta'kidlab, bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni kuchaytirish zarurligi, korrupsiya balosiga qarshi faqat davlat-huquqiy choralar bilangina emas, balki butun jamiyat qarshi kurashmog’i kerakligi” qayd etildi.
Bundan tashqari, Davlat rahbarining har yilgi murojaatnomasida korrupsiya qarshi kurashish masalasiga alohida to’xtalib o’tilishi, ushbu sohada ko’plab qonun hujjatlarining qabul qilinishi korrupsiyaga qarshi kurashish masalasining davlat siyosati darajasida ahamiyatga egaligini ko’rsatib bermoqda.
2022-yilda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim preventiv mexanizmlar yaratilganligi, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, davlat xizmatlarini ko’rsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha davlat siyosatining muhim elementlari bo’lib xizmat qildi.
Birinchidan, 2022-yil oxirida amalga oshirilgan ma'muriy islohotlar orqali “qo’l” boshqaruvidan “avtomatik” boshqaruv tizimiga o’tish jarayoni boshlandi.
Xususan, ma'muriy islohotlar natijasida davlat boshqaruvi tizimining eng muhim bo’g’ini - Vazirlar Mahkamasi faoliyati takomillashtirildi, ijro etuvchi hokimiyat yanada ixchamlashib, takrorlanuvchi funksiyalar tugatildi. Eng asosiysi, byurokratiya qisqartirilib, ma'lum bir tashshabbusni ilgari surish uchun 9 pog’onali “ruxsat olish” amliyotidan voz kechildi.
Ikkinchidan, Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy munosabatlarining oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar yaratildi.
Xususan, Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi.
Shuningdek Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo’yicha «E-Antikorrupsiya» loyihasi ishga tushirildi.
Uchinchidan, Davlat xizmatlarini ko’rsatish sifati yaxshilanib, ortiqcha tartib taomillar qisqartirildi hamda elektron shaklda ko’rsatiladigan davlat xizmatlari soni oshirildi.
Jumladan, 73 turdagi hujjat va ma'lumotlarni aholidan talab qilinishi bekor qilinib, taqdim etilishi lozim bo’lgan hujjatlar soni
221 tadan 95 taga (43 %) qisqartirildi, 6 ta litsenziya va ruxsatnomaning
17 ta talab va shartlari bekor qilindi.
To’rtinchidan, Raqamlashtirish orqali “inson omili”ni kamaytirish maqsadida barcha sohalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari yanada rivojlantirildi. Xususan,
“Raqamli O’zbekiston-2030” strategiyasi doirasida davlat va xo’jalik boshqaruvi organlar faoliyatini raqamlashtirish bilan bog’liq 369 ta loyihalar amalga oshirildi.
Ijtimoiy sohada “Elektron mehnat daftarchasi”, “Elektron sog’liqni saqlash” tizimi, “Oliy ta'lim jarayonini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS), umumta'lim maktablarida “Elektron kundalik” tizimi, nafaqalar va moddiy yordam mablag’larini ajratishda shaffoflikni ta'minlash imkonini beruvchi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimi;
Iqtisodiy sohada “Litsenziya”, “e-Auksion”, "YERELEKTRON", “Shaffof yo’l”, “Shaffof qurilish”, “Agrosubsidiya”, “Davlat xaridlari elektron tizimi” va boshqa axborot tizimlari korrupsiya xavf-xatarlarini kamaytirishga samarali xizmat qilmoqda.
Beshinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini takomillashtirish, huquqiy bo’shliqlarni bartaraf etish maqsadida sohaga taalluqli 13 ta, shuningdek, boshqa sohalardagi islohotlar natijasida korrupsiya omillarini qisqartirishga qaratilgan 24 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament nazoratini amalga oshirish yo’nalishida Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasining mas'ul qo’mitalari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Oliy Majlis palatalari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari (manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi, normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va boshqa) ko’rib chiqib ma'qullandi.
Parlament faoliyatida parlament nazorati instituti alohida o’rin tutadi. Bu borada Oliy Majlis Senatining Sud huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo’mitasi hamda Agentlik bilan birgalikda viloyatlarda hududiy davlat organlari mansabdor shaxslarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha amalga oshirgan ishlari bo’yicha axborotlari eshitilib, natijalari bo’yicha Mahalliy kengashlar qarori qabul qilindi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo’mitasi tomonidan joylarda “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi Qonuni doirasida soliq tizimida amalga oshirilayotgan ishlar holati o’rganildi. “Korrupsiyasiz soha” loyihalarining amalga oshirilishi yuzasidan Sog’liqni saqlash va Oliy va o’rta ta'lim vazirligi, Soliq idoralari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan Davlat soliq qo’mitasi rahbariyatining hisobotlari eshitildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga ham alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarorida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash beshta yo’nalish bo’yicha belgilangan indikatorlardan biri sifatida “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ’ibot tadbirlarining samaradorligi” yo’nalishi belgilandi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022-yilda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o’tkazish chora-tadbirlari to’g’risida” gi Qarorida mas'ul davlat organlari va tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o’tkazish jarayonida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mustaqil ekspertlar va keng jamoatchilikni faol jalb qilish choralarini ko’rib borish yuklatildi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida Butun respublika miqyosida har yili tizimli ravishda Aksilkorrupsiya haftaligi tashkil etilmoqda. Haftalik doirasida xalqaro forumlar, tanlovlar, targ’ibot-tashviqot tadbirlari, vazirlik, idoralarda ochiq eshiklar kunlari, press-turlar tashkil etildi.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini bu jarayonga faol jalb etish va ularni rag’batlantirish maqsadida Agentlik buyurtmasiga asosan, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan 2 ta mavzuda 500 mln so’mlik loyihalar amalga oshirildi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda grant va ijtimoiy buyurtmalar e'lon qilinib, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan NNTlar bilan hamkorlikda 9 ta loyiha uchun 70 ming AQSh dollari ajratildi.
Loyihalar natijasida ayollar va yoshlarning korrupsiyaga oid bilimlari oshirildi, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari uchun qo’llanmalar, aksilkorrupsiya komikslar to’plami, oliy ta'lim muassasasida kovorking markazi tashkil etildi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar korrupsiyaning oqibatlari bilan emas, balki uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilayotganligi bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Davlat organlari faoliyatining ochiq va shaffofligini ta'minlash, jamoatchilik nazoratini samarali yo’lga qo’yish, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlarini joriy etish, OAV erkinligini ta'minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash orqali kamaytirish choralarini ko’rish, davlat xizmatchlilarining malakasini oshirish borasidagi qilinayotgan ishlar korrupsiyaning oldini olishdagi muhim preventiv mexanizmlar bo’lib xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, korrupsiya darajasini baholash bo’yicha xalqaro tashkilotlarning reyting natijalariga ko’ra ham O’zbekistonda bu boradagi ishlarning ijobiy tomonga o’zgarib borayotganligini tasdiqlaydi.
Shu sababdan ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlarni izchil davom ettirib, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari va keng jamoatchilikni ushbu illatga qarshi kuchli jamoatchilik nazoratini o’rnatish orqali kurash olib borishga jalb etish oldimizda turgan muhim vazifalardan biridir.
Umida Tuxtasheva,
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o’rinbosari,
Yuridik fanlari doktori, professor