O‘zbekistonda nizolarni muqobil (suddan tashqari) va sudgacha hal qilishning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yilishi
O‘zbekiston Respublikasida qonun ustuvorligini ta'minlash, investisiyaviy muhitni yaxshilash borasida tashqi savdo faoliyatini samarali tartibga solish, iqtisodiy va fuqarolik nizolarni hal qilishning muqobil mexanizmlarini rivojlantirish hamda sub'ektlar huquqlarini kafolatlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan yangi Taraqqiyot strategiyasining 15-maqsadidan kelib chiqib, nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish, hakamlik sudlarini fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutga aylantirish hamda bu yo‘nalishda huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, O‘zbekistonda “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi (2006), “Mediasiya to‘g‘risida”gi (2018), “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi (2021) Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2019), “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi (2020) Qarorlari va “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi (2022) Farmoni bevosita investisiyaviy muhitni yaxshilash borasida tashqi savdo faoliyatini samarali tartibga solish, iqtisodiy va fuqarolik nizolarni hal qilishning muqobil mexanizmlarini rivojlantirish hamda sub'ektlar huquqlarini kafolatlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligining yaqqol na'munasidir.
O‘zbekiston Respublikasida nizolarni muqobil hal qilishning quyidagi turlari amal qilib kelmoqda:
hakamlik sudida ish yuritish;
xalqaro tijorat arbitraj sudi;
mediasiya;
muzokaralar;
kelishuv bitimi.
Fuqarolik va iqtisodiy huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni hakamlik sudlari tomonidan hal etilishi davomida bu mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari o‘zlari hoxlagan yo‘sinda hal etilishi, bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham bu yo‘lda qo‘yilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi “Hakamlik sudlari haqida”gi Qonunning 2006-yilda qabul qilinib, 2007-yil 1-yanvardan kuchga kirishi natijasida vakolatli sudi bilan bir qatorda sud-huquqiy islohotning yangi muhim bosqichini ildamlik bilan boshlandi. “Chet el arbitraj qarorini tan olish va uni ijro etish haqidagi” 1958 yil N'yu-York konvensiyasiga imzo chekkan dunyoning 120 tadan ortiq davlatlari tomonidan va shu jumladan, 1995 yilda qo‘shilgan Respublikamiz tomonidan ham tan olingan sudlovning yangi o‘zgacha nodavlat turi faoliyat ko‘rsatishni boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2022-yil yanvar oyidagi reestr ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 255dan ortiq doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, jumladan, O‘zbekiston Hakamlik sudlari assosiasiyasi xuzurida 160 dan, O‘zbekiston Savdo-saonat palatasi xuzurida 15 dan ortiq va boshqa nomalar bilan qayd etilgan 80 dan ortiq doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlari va jami 1200 ga yaqin hakamlik sudi sud'yalari ro‘yxatdan o‘tgan.
Xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda, bugungi kunda O‘zbekistonda “cho‘ntak” sudlar, ularning jalb qiluvchi nomlar, sifatsiz qabul qilingan hal qiluv qarorlar, taraflarning huquqlari buzilishi, jinoiy hatti-harakatlar va boshqa holatlar ro‘y berishini oldini olish borasida mavjud hakamlik sudlarini qayta tashkil etish yuzasidan jadal ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi rivojlangan davrda fuqarolik va iqtisodiy nizolarning soni kun sayin ortib borishi natijasida taraflar hakamlik sudlarida ko‘rib chiqilgan nizolar bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlarini vakolatli sudlarga murojaat bilan qo‘shimcha alohida davlat boji to‘lab yoki yana vakolatli sudga murojaat qilish orqali ijroga qaratish masalasi hakamlik sudlariga bo‘lgan ishonchsizlik va sarsongarchilikka olib kelayotganligi hech kimga sir emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudning 2020-yildan 2022 yilning birinchi yarim yilgacha bo‘lgan statistik ma'lumotlariga ko‘ra, vakolatli sudlar tomonidan hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini bekor qilingan 74 ta holati qayt etilgan bo‘lsa, hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqalari berishga doir ko‘rilgan ishlarning soni 2 715 tani tashkil etgan.
Shu munosabat bilan, hozirda ushbu statistik ma'lumotlarni moslashtirish borasida qamchiliklarni bartaraf etish shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonun bilan himoya qilingan manfaatlariga putur yetkazmaslik maqsadida “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunning 49-moddasidan “agar hakamlik sudining hal qiluv qarorida ijro etish muddati belgilanmagan bo‘lsa, u darhol ijro etilishi kerak” degan matnning o‘rniga “hakamlik muhokamasi tarafi yoki manfaatdor shaxslar hakamlik sudining hal qiluv qarorini olgan kundan e'tiboran o‘ttiz kundan so‘ng ijro etishga qaratilishi mumkin” degan matnni kiritish ustida tegishli tashkilotlar tomonidan ishlar olib borilmoqda.
Yuqorida qayd etib o‘tilganlardan kelib chiqqan holda shuni ham aytish mumkinki, nizolarni muqobil tartibda hal qilishda hakamlik sudlarini faoliyatini takomillashtirish istiqbollaridagi asosiy muammolardan biri bu albatta hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini ijroga qaratish masalasidir. Ushbu muammoni hal qilishning eng samarali yo‘li albatta ijro masalasining aynan doimiy faoliyat yurituvchi hakamlik sudi raisi vakolatiga berish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur ilgari surilayotgan taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan yangi Taraqqiyot strategiyasining 15-maqsadidagi nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish, hakamlik sudlarini fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutga aylantirishga asos bo‘ladi. Shuningdek, 1958 yil N'yu-York konvensiyasidagi xorijiy davlatlarning arbitraj sudi qarorlarini tan olish va uni ijro etish haqidagi hamda xorijiy rivojlangan davlatlarning qonunchiligida belgilab qo‘yilgan normalariga mos keladi.
Shu o‘rinda, so‘nggi o‘n yillikda butun dunyoda elektron hujjat aylanishi darajasi eksponensial ravishda o‘sib, har yili tobora ortib borayotganligi hech kimga sir emasligini ta'kidlab o‘tish lozim. Bu inson hayotining barcha sohalariga taalluqlidir: shaxsiy aloqalar va biznes jarayonlaridan tortib davlat organlari faoliyatiga ham bog‘liq. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ham nodavlat sudlari, ham davlat sudlari har yili taraflar o‘rtasida vujudga kelgan nizolarni hal etish tartibida va ish yuritishda to‘liq yoki qisman masofadan turib amalga oshirish uchun elektron hujjat aylanishining eng so‘nggi yutuqlaridan foydalanish uchun yangi texnologik imkoniyatlarni taqdim etib kelmoqda.
Shu munosabat bilan, onlayn hakamlik muhokamasida texnologiyadan foydalanish bilan bog‘liq tartib taraflar tomonidan kelishilishi va belgilanishi kerak. Bunda asosan, hakamlik sudlarida onlayn hakamlik muhokamasi, an'anaviy hakamlik muhokamasidan farqli o‘laroq, taraflar va hakamlik sudi sud'yasi bir-biri bilan jismoniy uchrashuvi emas, balki virtual uchrashuvi asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, onlayn hakamlik muhokamasida taraflar bir-biri to‘g‘risida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lmaydi va taraflarning shaxsiy uchrashuvi nizolarni hal qilish ehtimolini kamaytirishga olib kelishi ham mumkin. Onlayn hakamlik muhokamasida taraflarga nizo bo‘yicha o‘zaro munosabatlarini bildirish yoki hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar barcha hakamlik prosesslarini videokonferensiya aloqa yoki maxsus yaratilgan elektron platformasi orqali ishtirok etishi imkonini yaratadi.
Bundan kelib chiqadiki, agar mazkur onlayn hakamlik muhokamasi o‘tkaziladigan bo‘lsa, taraflar virtual sud jarayonini o‘tkazish bo‘yicha prosessual talablarni hal qilishlari kerak, shu jumladan so‘rovlar, videokonferensiya va audiokonferensiya almashish uchun tafsilotlar qayd etilgan bo‘lishi kerak bo‘ladi. Shunisi e'tiborga loyiqki, ba'zi hollarda taraflar va hakamlik sudi sud'yalari tizimning turli qismlarida turli geografik hududlarda joylashtirilishi mumkin.
Sud platformasida sudlar dalillarni onlayn rejimda tekshirishi, real vaqt rejimida taraflarni so‘roq qilishi va sudlar tomonidan platforma xavfsiz boshqarilishi kerak. Bugungi kunga kelib, XXRda Pekin, Guanchjou va Xuanchjou internet sudlari (Pekin internet sudining http://tpl.bjinternetcourt.gov.cn), Estoniyada esa e-estonia platformasi, Hindistonning http://vcourts.gov.in platformasi orqali onlayn sudlar, Niderlandiya kabi davlatlarda virtual sud majlislari olib borilmoqda. Pekin internet sudining Internet sud prosesslarini Tianping Chain platformasida o‘tkazish to‘g‘risidagi maxsus yo‘riqnomasi muqaddimasida Pekin internet sudining sud majlislari blokcheyn texnologiyaga asoslangan Tianping Chain platformasida amalga oshirilishi belgilangan.
O‘zbekistonda ham mustaqil, korrupsiyadan ozod, shaffof nizolarni muqobil tartibda hal etish tizimini joriy qilish, nizolarni muqobil hal qilishda uchinchi shaxslarning aralashuvini oldini olish, vakolatli sudlarning ish yuklamasi hajmini kamaytirish, hakamlik sudi ishlariga oid yagona normativ-huquqiy hujjatlar bazasini shakllantirish uchun barcha ma'lumotlarni o‘zida jamlagan hakamlik sudi jarayonlarini o‘tkazish bo‘yicha innovasion say-harakatlar olib borilmoqda. Xususan, 2023 yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Innovasion rivojlanish agentligi tomonidan “nizolarni muqobil tartibda hal qilishda onlayn hakamlik sudi jarayonlariga asos solishga qaratilgan “Smart Hakam” platformasi va mobil ilovasini ishlab chiqish” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab tanlov e'lon qilishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Abdumurod Xaqberdiyev
Toshkent davlat yuridik universiteti